Toshkent fotosuratlar uyida Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Turon fanlar akademiyasining faxriy akademigi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi kumush medali sohibi, tavalludining 80 yoshini qarshilayotgan rassom Tursunali Ahmadaliyevning “Hoʻqandi latif ohanglari” nomli shaxsiy koʻrgazmasi ochildi. b

Tursunali Ahmadaliyev uzoq yillardan buyon sanaʼt olamida ijod qilib kelmoqda. Rassom nafaqat ijodiy, balki ijtimoiy-madaniy faoliyat ham olib borib, 1999-yilda kam taʼminlangan va imkoniyati cheklangan bolalar uchun “Iqtidor” ijod markazini tashkil etdi va ushbu ijodiy maktabda ishlab kelmoqda. Markaz aynan kichik yoshdagi bolalarga saboq berib, ular ijodning turli sohalarini egallashlarida va oʻzlarini topishlarida xizmat qilib kelmoqda. T.Ahmadaliyev va uning jamoasi bolalarga rangtasvir, grafika, badiiy gilam toʻqish (gobelen), kandakorlik, zardoʻzlik, haykaltaroshlik singari koʻplab sanʼat turlarini oʻrgatib kelishmoqda.

T.Ahmadaliyevning grafika asarlari va plakatlarida qalamtasvir nafosati boʻy koʻrsatadi. Mavzular turli-tuman, ular ham ijtimoiy ham siyosiy ahamiyat kasb etadi. Oddiy qalamda chizilgan bu ishlar mavzularining bugungi kunda ham dolzarbligi, insonni ulugʻlanishi bilan muhimdir. Rassomning grafikalarida koʻproq ona va bola, ayol va gul mavzulari nozik chiziqlarda talqin etilgan boʻlsa, plakatlarda holat aksikcha. Ijodkor oʻzining hajviy plakatlarida ayni kundagi muhim muammolarni: mumtoz hajv, kinoyali hajv, oʻtkir syujetli hajv, komik hajv singari janrlarda keng fantaziyalar diapozonida, tanqidiy talqin qiladi. Talqin mavzusi qanchalar muhim va mahorat bilan ochib berilgan boʻlsa, undagi kinoya va istehzoli kulgi chiziqlari shunchalar qatʼiy va keskindir.

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri