Avvallari metro qurilishida bir sutkada 1-1,5 m tunnel qazilgan boʻlsa, ushbu loyihada kuniga 10-12 m tunnel qazilib, tyubing oʻrnatildi. Shu bilan birga, tyubing ishlab chiqaruvchi zavod qayta jihozlanib, korxonaning ish hajmi keskin oshirildi. Qurilish ishlarida nafaqat Germaniya, balki Italiya davlatining jahonga mashhur korxonalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish texnikalaridan ham unumli foydalanildi.

 

Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan 2 ta 220 tonnalik yukni koʻtaradigan zanjirli kran, 3 ta 70 tonnalik yuqori aniqlikdagi (teleskopik) avtokran, ishlab chiqarish quvvati soatiga 20 va 40 kub metrni tashkil etuvchi mobil beton zavodlari, metalloprokatga ishlov beruvchi 14 ta qurilma, ikkita oʻta ogʻir, 350 tonnalik yuklarni tashuvchi avtoulov hamda qurilish qoziqlari qoqadigan va burgʻilash uskunalaridan yer osti bekati hamda liniyalarini qurishda unumli foydalanildi.

 

Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishining 7,6 km uzunlikdagi birinchi bosqich qurilishi 10 yil davom etgan boʻlsa, 2,9 km uzunlikdagi ikkinchi bosqich qurilishi qariyb 2 yilda tugallandi.

 

Ahamiyatlisi, Prezidentimizning mazkur masalaga real yondashuvi va belgilab bergan muhim vazifalari boʻyicha olib borilgan tizimli ishlar natijasida soʻnggi yillarda poytaxt aholisining kun sayin oʻsib borayotgani va avtotransportlar oqimining keskin koʻpayishi natijasida poytaxt va unga tutash yoʻllarda hosil boʻlayotgan katta-katta tirbandliklar oldi olinishiga xizmat qiluvchi jamoat transporti tizimining munosib konseptual yechimi yuzaga keldi.

 

Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” yoʻnalishi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilgani istiqlol shodiyonasi arafasida yurtdoshlarimizga yana bir munosib bayram tuhfasi boʻldi. Metroning ushbu uchastkasida 7 ta bekat barpo etilgan. Yangi yoʻnalishning uzunligi 11,5 kilometr.

 

 

Eʼtiborlisi, aholining talab va ehtiyojlari, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishi inobatga olinib, Toshkent shahrida qurilayotgan yer usti xalqa metro liniyasi Markaziy Osiyoda yagonadir.

 

 

Loyiha besh bosqichda amalga oshirilmoqda. Umumiy uzunligi 54,8 kilometr, 35 ta metro bekati, 2 ta depo va 1 ta texnik koʻrik punkti quriladi. 2019-yilning avgust oyida Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik-2 – Qoʻyliq” liniyasida 2 ming 303 metrlik yangi relslar yotqizilib, dastlabki poyezdlar sinov tariqasida harakatlangan edi.

 

Ushbu yoʻnalish qurilishida jami 341 dona tayanch ustuni, 341 dona temir beton rigellar va har birining uzunligi 26 metr boʻlgan 2 ming 73 dona balka oʻrnatilgan.