Monitoring natijalariga koʻra, shu yilning 28-fevral kuni soat 9:00 holatiga Toshkent shahrida atmosfera havosida PM 2,5-mayda dispersli zarrachalar miqdori 87,36 mkg/m3 ni tashkil etdi va ruxsat etilgan meʼyordan 2,49-marta oshdi (REM 35 mkg/m3).

Maʼlumot uchun: Atmosfera havosi ifloslanishi boʻyicha maʼlumotlar “Oʻzgidromet“ tomonidan tegishli davlat organlariga yuboriladi.

“Oʻzgidromet“ maʼlum qilishicha, tegishli davlat organlari tomonidan ham hozirgi kunda atmosfera havosining ifloslanish darajasini kamaytirish maqsadida bir qancha ishlar (reydlar, ekspertiza va tekshiruvlar) amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, hozirgi kunda bir qancha vakolatli davlat organlari va soha olimlari tomonidan Toshkent havosining ifloslanishini oldini olish va ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Aholi ochiq havodagi faoliyatlarini qisqartirishlari, xonadan tashqariga chiqqanda niqob taqishlari kerak, — deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, shu yilning 26-fevral kuni yogʻgan qordan soʻng Toshkent dunyoning havosi eng iflos shaharlari orasida havo ifloslanishi boʻyicha 94-oʻringa tushib, IQAir portalida inson salomatligi uchun zararsiz deya tasniflangandi.