“Dunyo” AAning xabar berishicha, “Toshkent-Islomobod yoʻnalishidagi havo qatnovi 2021-yilda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Markaziy va Janubiy Osiyo bogʻliqligi tashabbusining amaliy natijasi boʻlib, u mintaqada barqaror taraqqiyot, oʻzaro hamjihatlik va tinchlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi”, – deb yozadi Pokiston OAV.
Materiallarda ushbu havo qatnovi Markaziy va Janubiy Osiyo bogʻliqligi tashabbusi doirasidagi muhim loyiha sifatida eʼtirof etilgan va ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy, savdo, madaniy va taʼlim sohalaridagi aloqalarni faollashtirishga zamin yaratishi alohida urgʻulangan.
Shuningdek, nashrlarda “Uzbekistan Airways”ning Lahor yoʻnalishida haftasiga ikki marta muntazam amalga oshirilayotgan reyslari haqida ham ham taʼkidlangan. “Aviakompaniyaning yangi Islomobod yoʻnalishi Pokistonga parvozlar geografiyasini kengaytirayotgani, Janubiy Osiyo mintaqaviy aviabozoriga jadal kirib kelish borasidagi navbatdagi ijobiy qadamidir. Mazkur parvozlar ikki davlat oʻrtasidagi ishbilarmonlar, tadbirkorlar va turistlar uchun qulaylik yaratadi, transʼhududiy savdo va transport tizimlarini rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, talabalar, ziyoratchilar va oʻzaro delegatsiyalar bilan almashish uchun ham muhim transport vositasiga aylanadi va eng muhimi madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtiradi”, – deya urgʻulangan materiallarda.
Shuningdek, maqolalarda, Oʻzbekistonning qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Xivaning turizm jozibadorligi va Pokistonning tarixiy va tabiiy manzaralari haqidagi maʼlumotlar oʻquvchilar eʼtiboriga taqdim etilgan.
Pokiston OAV tomonidan eʼlon qilingan maqolalar, “Toshkent-Islomobod yoʻnalishida yoʻlga qoʻyiladigan havo qatnovlari xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy va turistik yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi hamda oʻzaro tashriflarni osonlashtiradi”, – degan soʻzlar bilan yakunlangan.









