So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish va modernizatsiya ishlari natijasida metro infratuzilmasi tubdan o‘zgarib, poytaxt transport tizimining eng muhim qismiga aylandi. Yangi yo‘nalishlar, zamonaviy poyezdlar, qulay to‘lov tizimlari va zamonaviy bekatlar Toshkent metrosini Markaziy Osiyodagi eng rivojlangan metro tizimlaridan biriga aylantirmoqda.

Qiziqarli jihati shundaki, qariyb 40 yil davomida Toshkent metropolitenida 29 ta bekat mavjud bo‘lib, umumiy uzunligi 38 kilometrni tashkil etgan. Ammo so‘nggi 7 yil ichida olib borilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari natijasida qo‘shimcha 33 kilometr metro yo‘nalishlari va 21 ta yangi bekat qurilib, foydalanishga topshirildi. Bugungi kunda metro bekatlari soni 50 taga, umumiy yo‘nalishlar uzunligi esa 71 kilometrga yetdi.

Yo‘lovchilar soni ham keskin oshdi. Agar 2021-yilda bir kunda 280–300 ming yo‘lovchi metro xizmatidan foydalangan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1 milliondan oshdi.

Yo‘lovchilar sonining ortishi metro harakat tizimini yanada takomillashtirishni talab qildi. Shu sababli so‘nggi 5 yilda poyezdlar harakati orasidagi vaqt sezilarli darajada qisqartirildi. Masalan, Chilonzor yo‘nalishida 2021 yilda poyezdlar har 5 daqiqada harakatlangan bo‘lsa, hozir bu interval 1,5 daqiqaga tushirildi.

Shuningdek, 2021 yilgacha metro tarmog‘ida 40 ta poyezd harakatlangan bo‘lsa, so‘nggi yillarda 41 ta yangi zamonaviy poyezd xarid qilinib, ularning umumiy soni 80 tadan oshdi. 2026 yil davomida esa yana 56 ta zamonaviy vagondan iborat 14 ta yangi harakat tarkibini xarid qilish rejalashtirilgan.

So‘nggi yillarda metro bekatlarida ham keng ko‘lamli yangilanish ishlari amalga oshirildi. “Xalqlar do‘stligi”, “Novza”, “Mustaqillik maydoni”, “Paxtakor” va “Hamid Olimjon” bekatlarida eski eskalatorlar yangi zamonaviy turlariga almashtirildi.

Bundan tashqari, 1977-yildan beri xizmat qilib kelgan ko‘plab texnik vositalar ham yangilandi. Eski mexanik soatlar, katta elektr sarflaydigan eskalatorlar, tonnellardagi quvur va nasos uskunalari zamonaviy texnologiyalar bilan almashtirildi.

Avval metro bekatlarida mobil aloqa va internet muammosi ko‘pchilikni qiynagan bo‘lsa, hozirgi kunda bu masala deyarli hal qilindi. Bekatlarda mobil aloqa operatorlari signali ishlamoqda, bepul metro Wi-Fi tizimi joriy etildi. Tonnellarda ham aloqa qamrovini ta’minlash ishlari davom etmoqda.

To‘lov tizimi ham tubdan o‘zgardi. Ilgari yo‘lovchilar jetonlardan foydalangan bo‘lsa, hozir bank kartalari, ATTO transport kartalari va 10 dan ortiq mobil ilovalar orqali to‘lov qilish mumkin. Shuningdek, Face Pay va Palm Pay kabi innovatsion to‘lov usullari ham ishga tushirildi.

— Metropolitenda nogironligi bo‘lgan fuqarolar, keksa yo‘lovchilar va yosh bolali oilalar uchun ham sharoitlar yaratilmoqda, — deydi Harakat xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Javohir Mamasiddikov. — Yer usti bekatlarida 20 ta lift ishlamoqda. Yer osti bekatlarida esa elektron ko‘targichlar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida bekatlarda tekshiruv tizimi, metall detektorlar va qo‘shimcha xavfsizlik choralari joriy etilgan.

Bundan tashqari, milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda metropoliten orqali jami 286,8 million nafar yo‘lovchi tashilgan.

Bu ko‘rsatkich 2000 yilga nisbatan 161,1 million nafarga, ya’ni qariyb 2,3 barobarga oshgan.

Ushbu ko‘rsatkich yillar kesimida quyidagicha:

2000-yil — 125,7 million

2001-yil — 141,9 million

2002-yil — 136,4 million

2003-yil — 114,3 million

2004-yil — 95,6 million

2005-yil — 89,9 million

2006-yil — 69 million

2007-yil — 70,5 million

2008-yil — 73,4 million

2009-yil — 68 million

2010-yil — 65,6 million

2011-yil — 63,9 million

2012-yil — 65,5 million

2013-yil — 59,2 million

2014-yil — 54 million

2015-yil — 52,3 million

2016-yil — 53,5 million

2017-yil — 61,6 million

2018-yil — 69,1 million

2019-yil — 79,2 million

2020-yil — 38,8 million

2021-yil — 101,8 million

2022-yil — 136,7 million

2023-yil — 172 million

2024-yil — 270,3 million

2025-yil — 286,8 millionga yetgan.

Bugungi kunda Toshkent metropoliteni nafaqat poytaxt aholisi, balki mehmonlar uchun ham eng tez, qulay va zamonaviy transport turlaridan biriga aylanmoqda. Yangi bekatlar, zamonaviy poyezdlar, raqamli to‘lov tizimlari va keng infratuzilma metropolitenni yanada rivojlantirib, kelgusida ham millionlab yo‘lovchilarga xizmat qilishda davom etadi.

Zulxumor Akbarova,

Madina Botirjonova