Toshkent, Samarqand va Gulistonda 3 nafar advokatning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi

    Poytaxtda faoliyat yurituvchi advokatlar hayʼatining muqaddam sudlangan advokati noqonuniy tarzda 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Bu haqda DXX xabar berdi.

    Aniqlanishicha, u Mirobod tuman IIO FMB Tergov boʻlimi yurituvida boʻlgan Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi ayblanuvchisidan sud tizimidagi tanishlari orqali 135-moddani olib tashlab, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan.

    Samarqand shahrida kuzatilgan holatda, mahalliy advokatlik firmasi advokati jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudida koʻrilayotgan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi ayblanuvchisiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida sud idoralaridagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Bu kabi qonunbuzilishi Sirdaryo viloyatida ham qayd etilib, Guliston shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati Oqoltin tumanidagi MCHJ rahbaridan 450 mln soʻmlik dori vositalarini olib, pulini bermay yurgan shaxslarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi idoralardagi tanishlari orqali jinoyat ishi qoʻzgʻattirib berish evaziga 1500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

    Hozirda uchala advokatga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.