Toshkent sambo boʻyicha 2025-yilgi Osiyo va Okeaniya chempionatiga mezbonlik qiladi

    Bugun, 8-iyun kuni Qozogʻistonning Ostona shahrida Osiyo-Okeaniya sambo uyushmasining navbatdagi kongressi tashkil etildi.

    Unda tashkilotga aʼzo milliy federatsiya va assotsiatsiya vakillari ishtirok etdi. Yurtimiz nomidan Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasi raisi Alisher Alimov qatnashdi.

    Kongress davomida bir qator tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi. Shu jumladan, oldinda turgan musobaqa mezbonlari ham aniqlandi. Unga koʻra, 2025-yil sambo boʻyicha Osiyo va Okeaniya chempionati mezbonligi uchun Toshkent shahri daʼvogarlik qilgandi. Poytaxtimiz varianti bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.

    Shu tariqa, 2 yildan keyingi Osiyo-Okeaniya chempionati Toshkent shahrida oʻtkaziladigan boʻldi.