Uchrashuv davomida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va yangi bosqichga olib chiqish masalasi muhokama etildi. Toshkent shahar hokimi mamlakatlarimiz va shaharlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikka toʻxtalar ekan, bizni tarixiy rishtalar bogʻlab turishi, oʻzaro aloqalarni rivojlantirishda savdo-iqtisodiy, madaniyat, sogʻliqni saqlash, taʼlim va turizm sohalarida ishga solinmagan imkoniyatlarga eʼtibor qaratish muhimligini taʼkidladi.
Muhammad Jahongir Alam soʻnggi yillarda Bangladeshda barqaror iqtisodiy oʻsish kuzatilayotganini maʼlum qilib, bunga tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar, soliq imtiyozlari hamda koʻplab omillar ijobiy taʼsir koʻrsatayotganligini aytib oʻtdi. Bangladesh tekstil sanoati boʻyicha dunyoda yetakchi ikkinchi oʻrinda ekanligi hamda mamlakatda farmatsevtika ham tobora rivojlanayotganligini bildirib, shu yoʻnalishda Oʻzbekiston va Toshkent bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbolli ekanligini qayd etdi. Taʼlim sohasida oʻqituvchi va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda turizm sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni taraqqiy ettirish taklifini bildirdi. Shuningdek, Toshkent va Dakka oʻrtasida birodarlik aloqalari oʻrnatish va rivojlantirish ham muhim ahamiyatga ega boʻlishini taʼkidladi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Muloqot davomida ikki tomon uchun ham qiziqarli va manfaatli boʻlgan masalalar borasida fikr almashildi.