Toshkent shahar hokimi Turkiston viloyati akimi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 18 Yanvar 2021 1399

    Turkiston viloyati bilan doʻstona aloqalar uzoq tarixga borib taqaladi. Ayniqsa, azaldan savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlangan. Bugungi uchrashuv esa oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish hamda aloqalar koʻlamini kengaytirishga qaratilgan.

    Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev hududlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalasiga toʻxtalar ekan, sanoat, turizm, sogʻliqni saqlash sohasida birgalikda koʻplab ikki tomonlama manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkinligiga toʻxtalib oʻtdi.

    Xususan, Turkiston viloyati va Toshkent shahri oʻrtasida temir yoʻl liniyasi qurib ishga tushirilsa, sayyohlar uchun Turkiston-Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva yoʻnalishida tur taklif qilish imkoniyati yaratilishi, umuman, ikki tomonda ham turizmni rivojlantirish salohiyati katta ekanligini qayd etdi.

    Turkiston viloyati akimi Umirzak Shukeyev Toshkent yildan-yilga koʻrkamlashib, taraqqiy etib borayotganligini alohida taʼkidladi. Shahardagi qurilishlar, yangi inshootlar, bogʻlar, xiyobonlar va ishlab chiqarish quvvati tobora oʻsib borayotganini Toshkentning katta yutugʻi deya eʼtirof etdi.

    Turkiston viloyatida Oʻzbekiston poytaxtida boʻlganidek, turar joylar uchun alohida dizayn va zamonaviy sharoitlarga ega mavzelarni qurish, xiyobonlarni tashkil etish hamda oʻzaro hamkorlikda sanoat loyihalarini amalga oshirishga ehtiyoj borligini maʼlum qildi. Xususan, Turkistonda gaz plitalari ishlab chiqarish boʻyicha zavod ochish taklifini bildirib, buning uchun Artel kompaniyasi bilan xamkorlik qilish maqsadini bayon etdi, zavodni qurib, ishga tushirish uchun barcha sharoit borligini bildirdi.

    Shuningdek, Toshkentdagi yashillik, bogʻlar va xiyobonlar andozasiga asoslangan holda oʻz hududidagi goʻzal bogʻ barpo qilish uchun mutaxassislarni kutib olish va tajribasini oʻrganishga tayyor ekanligini aytib oʻtdi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning barcha yoʻnalishlari atroflicha muhokama etildi. Xususan, hududlar rahbarlari oʻzaro aloqalarni kengaytirish maqsadida yana degatsiyalar almashinuvi davom etishini bildirdilar.