Poytaxtda rejalashtirilayotgan hududlarni renovatsiya qilish mavzusi aholining keskin muhokamalariga sabab boʻldi. Toshkent shahar hokimi ushbu masala boʻyicha maʼlumot berdi.
Aholining murojaatlari, binolarning holati hamda boshqa obyektiv sabablarni inobatga olgan holda, shahar maʼmuriyati tomonidan fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqlarini taʼminlaydigan, SHNQ meʼyorlari va aholining manfaatlarini aks ettiruvchi zamonaviy mexanizmni joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Bunda binolarning avariyaviylik darajasi va xavfsizlik talablariga muvofiqligi, iqtisodiy va energetik samaradorligi, eskirgan koʻrinishi va hududning umumiy meʼmoriy rivojlanishiga mos kelmasligi hisobga olinadi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nafaqat har bir shaxsning uy-joyga boʻlgan huquqi, balki xavfsiz yashash huquqi ham oʻz aksini topgan boʻlib, davlat uy-joy qurilishini ragʻbatlantiradi va uy-joyga boʻlgan huquqni roʻyobga chiqarish uchun sharoitlar yaratadi.
Aytish joizki, Oʻzbekiston shaharsozlik meʼyorlari va qoidalari zamonaviy talablarga javob beradigan mehnat, yashash va dam olish joylarining qulayligini taʼminlashga doir talablarni belgilaydi. Renovatsiya ishlari faqat vakolatli tashkilotlar tomonidan avariya holati tasdiqlangan obyektlarda va faqat aholining roziligi bilan amalga oshiriladi. Muhimi: Madaniy yoki meʼmoriy meros obyektlarida renovatsiya amalga oshirilmaydi.
Shuni taʼkidlash lozimki, Toshkentda qurilgan uylarning foydalanish muddati 50-yilga moʻljallangan, aksariyat hollarda kapital taʼmirlash imkoniyati yoʻq, foydalanish muddati tugamoqda.
Barchamiz tushunamizki, renovatsiya dasturini talab qiladigan uylarning aksariyati oʻz umrini yashab boʻlgan yoki yaqin yillarda shaharsozlik meʼyorlari boʻyicha yashashga yaroqsiz boʻlib qoladi.
Binolarning texnik holati bilan bogʻliq xavf, ayniqsa, mamlakatimiz va umuman mintaqaning seysmikligiga taʼsir qiluvchi barqaror iqlim oʻzgarishi tufayli jiddiy tashvish uygʻotadi.
Vaziyatni xolisona baholasak, ushbu uylarni hozirgi holatida foydalanishda qoldirish muqarrar ravishda poytaxtda avariyaviy uy-joylarining ommaviy paydo boʻlishiga olib keladi.
Ommaviy axborot vositalarida tilga olingan hududlarga kelsak, ular mahalliy aholi murojaatlari asosida taklif etilgan va reja tuzilgan. Shuningdek, murojaatlarda keltirilgan uy-joylarning dastlabki tahlili ularning yuqoridagi shaharsozlik meʼyorlari talablariga javob bermasligini tasdiqladi.
Biz loyihani amalga oshirish mexanizmini mamnuniyat bilan eʼlon qilamiz, chunki u juda soddalashtirilgan va biz uni keyingi xabarlarimizda batafsil tushuntirishga harakat qilamiz, — deyiladi xabarda.