Uchrashuvda Toshkent shahar hokimi oʻrinbosarlari, “Toshkent shahar suv taʼminoti” MCHJ mutasaddilari, Fransiya tomonidan “SUEZ” kompaniyasining vitse prezidenti Erik Gebali, Markaziy Osiyo va Kavkaz boʻyicha bosh direktori Fabris Bushtey, Fransiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Bris Rokfyoy va boshqa masʼullar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Fransiyaning SUEZ kompaniyasi bilan hamkorlikda 7 yilga moʻljallangan “Toshkent suv taʼminoti transformatsiyasi rejasi”ning bajarilishi masalasi muhokama etildi.
Fransiya tomonining maʼlum qilishicha, ular poytaxtimizning ichimlik suvi tizimini toʻliq oʻrganishdi, sohani modernizatsiya qilish, faoliyatga yangi texnologiyalarni jalb etish uchun tashkiliy masalalar koʻrib chiqildi. Endi esa umumiy maʼlumotlar tahliliga asosan manzilli chora-tadbirlar belgilanib, loyihaning amaliy jarayoniga kirishiladi.
Loyihaning amalga oshirilishi Toshkent shahar suv taʼminoti va oqava suv tarmoqlari xalqaro standartlar asosida ishlashini, ularga zamonaviy boshqaruv joriy etilishini taʼminlaydi hamda ichimlik suvi yoʻqotishlarning oldini oladi. Loyiha doirasida xodimlarning malakasini oshirish ham koʻzda tutilgan.