Toshkent shahri aholisi yoʻllardagi tirbandlikka qanday munosabatda?

    Toshkent shahri aholisining yoʻllardagi tirbandlikka munosabati oʻrganildi.

    Tirbandliklar jahondagi aksariyat yirik shaharlar uchun katta muammoga aylanib ulgurgan. Inrix maʼlumotlariga koʻra, tirbandlik tufayli Londonda bitta haydovchi yiliga oʻrtacha 156 soat, Chikagoda 155 soat, Parijda 138 soat ortiqcha vaqt sarflaydi.

    Tirbandlik Toshkentda ham jiddiy muammo. Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda Toshkent shahri hududida jismoniy shaxslarga tegishli avtomashinalar soni 562,1 mingtani tashkil etgan va doimiy yashovchi har 1 000 kishiga 178 ta avtomobil toʻgʻri kelgan.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻtkazgan tadqiqot davomida Toshkent shahri aholisining tirbandlikka munosabati va uni kamaytirish boʻyicha takliflarini oʻrganish maqsadida ijtimoiy soʻrov tashkil etildi. Unda jami 891 kishi ishtirok etdi. Ishtirokchilarning 60,8 foizi avtomobil haydovchilari tashkil etdi. Shundan 10,3 foizi ayollardir.

    Soʻrov natijasida quyidagilar aniqlandi:

    1. Avtomobil boshqarmasligini taʼkidlagan ishtirokchilarning 41,8 foizi avtobus, 27,5 foizi metro, 24,1 foizi taksi, 1,7 foizi mikroavtobus xizmatidan foydalanishini va 4,9 foizi piyoda yurishini bildirgan. Jamoat transportidan koʻproq ayollar (33,1%) va yoshlar (36,5%), shaxsiy transportdan erkaklar (33,1%) foydalanishi maʼlum boʻldi.

    2. Soʻrovda ishtirok etgan poytaxt aholisining 74 foizi tirbandlikni asosiy muammolardan biri, 21 foizi oʻrta darajadagi muammo va 5 foizi boshqa muammolar qatorida unchalik muhim emas, deb hisoblashini bildirgan.

    3. Tirbandlikdan avtobus va mikroavtobus yoʻlovchilari boshqalarga qaraganda koʻproq aziyat chekmoqda. Shu bois avtobusdan foydalanuvchilarning 82,9 foizi, mikroavtobus yoʻlovchilarining 83,3 foizi tirbandlikni poytaxtning asosiy muammolaridan biri sifatida qayd etgan.

    4. Soʻrovda qatnashganlarning 62,2 foizi tartibsiz haydovchilar, qoidabuzarliklar, notoʻgʻri parkovka, 57,6 foizi yoʻllardagi nosozliklar, 46,8 foizi oʻqishga qatnovchilar hamda 41,2 foizi ishga qatnovchilar tufayli faollikning ortishini tirbandlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar sifatida qayd etgan.

    5. Respondentlar birinchi oʻrinda kichik halqa yoʻlidagi chorrahalarni (136 marotaba), Bunyodkor shoh koʻchasidagi chorrahalarni (106 marotaba) tartibga keltirish lozimligini qayd etgan.

    6. Soʻrov ishtirokchilarining 41,8 foizi tirbandlik tufayli yoʻl uchun koʻproq vaqt rejalashtirishini, 39,1 foizi tirbandlik yoʻq yoʻllardan yurishini, 16,9 foizi tirbandlik kamayishini kutishini aytgan.

    Bildirgan fikrlar orasida jamoat transporti (avtobuslar) uchun infratuzilmalarni yaxshilash, parkovkalarni toʻgʻri shakllantirish, koʻpqavatli avtoturargohlar, piyodalar uchun yerosti oʻtish yoʻllari va koʻpriklar qurish, metro liniyalarini kengaytirish, yoʻl harakati qoidalariga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash, raqamli boshqaruvga oʻtish kabi takliflar koʻp uchraydi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi qarori ham jamoat transporti tizimini isloh qilishni koʻzda tutadi. Unga asosan, Toshkent shahri jamoat transporti uchun tabiiy gaz vositasida harakatlanuvchi 700 dona avtobus va 300 dona elektrobus xarid qilish belgilangan. Joriy yilning mart oyi yakuniga qadar Xitoydan 110 dona avtobus va 150 dona elektrobus yetkazib berilishi kutilmoqda. Bu saʼy-harakatlar tirbandlik muammosini hal etishda yordam berishi bilan bir qatorda poytaxtdagi ekologik vaziyat uchun ham ijobiy ahamiyatga ega.