Qarorga koʻra, koʻp kvartirali uylarni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va tutash hududlarni obodonlashtirish yoʻnalishida markazlashgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini saralash va amalga oshirishda quyidagi tartib oʻrnatiladi:

  • loyiha takliflari Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlarida muhokama qilinishi va faqatgina ularning qarori bilan maʼqullangandan keyin amalga oshirilishi shart;
  • shakllantirilgan loyiha takliflari boʻyicha loyihaoldi tadqiqotlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, koʻp kvartirali uylarning boshqaruvchilari, loyiha tashkilotlari bilan birgalikda har bir hududning xususiyatlarini inobatga olgan holda oʻtkaziladi;
  • Shuningdek, koʻp kvartirali uylarning tutash hududidagi barcha daraxt va butalar boshqaruvchilar tomonidan xatlovdan oʻtkazilib, maʼlumotlar “Mening uyim” axborot billing tizimida aks ettirib boriladi.

Koʻp kvartirali uylardagi markazlashgan ichimlik suvi isteʼmolchilariga daraxt va butalarni sugʻorish ishlarini hisoblagichlar oʻrnatgan holda sutkaning har qanday vaqtida amalga oshirishga ruxsat beriladi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab:

  • Toshkent shahrida koʻp kvartirali uylarda umumiy yigʻilish oʻtkazishni tashabbus qilish, oʻtkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish, boshqaruvchilar tomonidan murojaatlarni qabul qilish va ularni koʻrib chiqish faqat “Mening uyim” ABTda amalga oshiriladi, 2027-yildan boshlab mazkur tartib respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi;
  • majburiy toʻlovlar va koʻp kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni ijaraga va foydalanishga berishdan tushadigan toʻlovlar hisobi faqat “Mening uyim” ABT orqali yuritiladi.

Qarorga koʻra:

  • Uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlinmalaridagi boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida Toshkent shahri hokimi oʻrinbosari — Uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi lavozimi kiritildi.
  • Ushbu yangi lavozim egasiga mazkur qarorga muvofiq bosh muhandislarga berilgan barcha huquq va vakolatlar tatbiq etiladi.
  • Yangi rahbarlik shtati poytaxtdagi koʻp kvartirali uylarni ekspluatatsiya qilish, muhandislik tarmoqlarini taʼmirlash va aholiga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar sifatini nazorat qilish uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.