Osiyo Olimpiya kengashining 2019-yil 28-sentyabrda Doxa shahrida (Qatar) boʻlib oʻtgan 73-Ijrokoʻm yigʻilishida 2025-yilda yoshlar oʻrtasidagi IV yozgi Osiyo oʻyinlarini Toshkent shahrida oʻtkazishga rozilik bildirish toʻgʻrisida qarori qabul qilingan edi. Shunga koʻra, mamlakatimiz Hukumati qarori bilan “Toshkent-2025” yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi hamda “Toshkent-2025” yozgi Osiyo oʻyinlarini yuqori saviyada oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha chora-tadbirlar davturi tasdiqlandi.

Bu bilan bogʻliq vazifalarni yagona organ orqali tizimli amalga oshirish maqsadida yuridik maqomga ega boʻlgan Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi huzurida “Toshkent-2025” yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish direksiyasi tashkil etildi. Direksiya zimmasiga yurtimizda Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) bilan Oʻzbekiston respublikasi Hukumati oʻrtasida shartnomalar, kelishuvlar, memorandumlar va kafolat xatlarini imzolash tadbirlarini olib borish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklatildi.

Qarorga koʻra, 2021-yil 1-yanvarga qadar Tashkiliy qoʻmita Osiyo Olimpiya kengashi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiyaning Toshkent shahriga tashrifini tashkillashtirish boʻyicha muzokaralar olib boradi.