Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda umumta'lim maktablari quriladi

     “Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida davlat umumiy o'rta ta'lim maktablarini tashkil etish to'g'risida”gi Prezident qarori loyihasi muhokama uchun regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.

    Unga ko'ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining maktablarga ehtiyoj yuqori bo'lgan hududlarida zamonaviy hamda xalqaro standartlarga javob beradigan maktablarning barpo etilishini ta'minlash maqsadida Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda davlat-xususiy sheriklik asosida poytaxtning YAshnobod, Bektemir, Sergeli hamda Toshkent viloyatining bir qancha tumanlari hududida maktablar qurilishi, ta'mirlanishi, jihozlanishi va texnik xizmat ko'rsatilishiga xususiy investorlarni jalb qilish bo'yicha loyihani amalga oshirish ko'zda tutilgan.

    Tegishli davlat idoralarining buyurtmanomalariga asosan, mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar hamda ularning oila a'zolari uchun ko'p martalik kirish vizalariga konsullik va boshqa yig'imlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi va O'zbekiston Respublikasidagi vaqtincha turar joyi bo'yicha ro'yxatga olinishi hamda uning muddati uzaytirilishi ta'minlanadi.

    O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro'yxatlar bo'yicha davlat-xususiy sheriklik asosida maktablarni qurish, rekonstruktsiya qilish, jihozlash va faoliyatini ta'minlash uchun olib kelinadigan uskunalar, komp`yuter texnikasi, o'qitishning texnik vositalari, adabiyotlar, mul`timedia mahsulotlari, qurilish materiallari, butlovchi buyumlar hamda ehtiyot qismlar 2024 yil 1 yanvargacha bojxona to'lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig'imlardan tashqari) ozod etiladi.