Toshkent shahrida 6000 nafardan ortiq ayollar bepul skrining tekshiruvlaridan o'tishdi

    Onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy ta'sir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko'ra, bunday kasalliklarga chalinish ko'rsatkichi yildan yilga o'sib bormoqda. Onkologik xastaliklar ichida eng ko'p uchraydigani sut bezi saratonidir.

    Keyingi o'rinlarda me'da, o'pka va bachadon bo'yni saratoni turadi. Bachadon bo'yni saratoni – bu oldini olish mumkin bo'lgan yagona saraton kasalligidir. Kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablarning asosiysi (98-99 foizi) odam papilloma virusi (OPV) hisoblanadi.
    Saraton kasalligidan oldin esa saraton oldi holatlar kuzatiladi. Agar kasallik erta aniqlansa davolash uchun zarur bo'lgan vaqt etarli bo'ladi.
    Odam papilloma virusini erta tashxislash va davolash natijasida bachadon bo'yni saratoni bilan kasallanish va o'lim holatlari kamayadi.
    Shu maqsadda respublikamizda Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti va Janubiy Koreyaning KOFIH fondi bilan hamkorlikda quyidagi 6 oilaviy poliklinikalarda skrining jarayonlari davom etmoqda:
    1. Yunusobod tumani markaziy poliklinikasi;
    2. Chilonzor tumani markaziy poliklinikasi;
    3. 2-sonli Toshkent markaziy poliklinikasi;
    4. Mirzo-Ulug'bek tumani markaziy poliklinikasi;
    5. Yashnobod tumani markaziy poliklinikasi;
    6. Shayhontoxur tumani markaziy poliklinikalarda bachadon bo'yni saratoniga skrining tekshiruvlari o'tkazilmoqda.
    Ro'yxatda turgan 30 yoshdan 49 yoshgacha bo'lgan barcha ayollar BBR (bachadon bo'yni saratoni)ga bepul tekshirildi.
    Toshkent shahrida 6000 nafardan ortiq ayollar skrining tekshiruvlaridan o'tishdi.
    Tekshiruv natijalari bo'yicha 11,7 foiz ayollarda, virus aniqlandi, shu ayollarning keyingi tekshiruvlari yanvar oyidan boshlanadi.
    Skrining tekshirish jarayonida aniqlangan o'zgarishlar tegishli shifokorlar tomonidan nazoratga olinib, kerakli tavsiyalar berilmoqda.

    Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmati