Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Savdo-sanoat palatasi qoshidagi Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC), Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkentdagi Xalqaro vestminster universiteti hamkorligida tashkil etilmoqda.
UzAW – bir hafta davomida butun dunyodan yetakchi ekspertlar, jumladan, arbitrlar hamda yuridik, arbitraj va biznes hamjamiyati (anjuman dasturi va boshqa ayrim maʼlumotlarni https://www.uzbekarbitrationwe... veb-saytidan olish mumkin), xususan, GST LLP, Foley Hoag LLP, Allen&Overy, Praelegal kabi xalqaro kompaniya vakillarini birlashtiruvchi qator tadbirlar jamlanmasidir.
Arbitraj – sud muhokamasidagi nizolarni hal qilishning muqobil mexanizmi boʻlib, bunda tomonlar nizoni bartaraf etish uchun tajriba va koʻnikmaga ega boʻlgan (jumladan, texnik, masalan, qurilish boʻyicha yoki energetika sohasi bilan bogʻliq nizoda) sudya (arbitr)ni, shuningdek, ish yuritish tili va amaldagi qonunni tanlashi mumkin.
Eng muhimi, arbitraj qarori (sud qaroridan farqli ravishda) 1858-yilda qabul qilingan Nyu-York xorijiy arbitraj qarorini tan olish va ijro etish toʻgʻrisidagi qoidaga muvofiq, Oʻzbekistondan tashqari 169 ta davlatda nizo boʻyicha yutqazgan tomonning aktivlariga nisbatan ijro etilishi mumkin.
Shunisi eʼtiborga loyiqki, sud qarorlari uchun bunday xalqaro hujjat mavjud emas. Boshqacha aytganda, tomonlardan biri Oʻzbekistonda chet ellik kontragentga qarshi sud ishida gʻalaba qozongan taqdirda ham, agar bu xorijiy kontragentning yurtimizda aktivi boʻlmasa, Oʻzbekistondan tashqarida ushbu sud qarorini ijro etish amalda mumkin emas. Shuning uchun arbitraj xorijiy element yoki xorijiy investor bilan oʻrtadagi nizoni hal qilishning afzal usuli hisoblanadi.
“UzAW-2022” ishtirokchilarni nizolarni muqobil hal etishning soʻnggi tendensiyalari bilan tanishtirish, shuningdek, Oʻzbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, mintaqaning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan rejadagi va amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligini oshirishga koʻmaklashadi.
Bundan tashqari, anjuman Oʻzbekistonni xalqaro arbitraj uchun qulay maydon sifatida targʻib qilishni koʻzlaydi, barcha manfaatdor tomonlar uchun ajoyib tarmoq imkoniyati boʻlib xizmat qiladi.
Tadbirlarda xalqaro, davlat tashkilotlari va boshqa yirik kompaniyalarning 200 nafardan ortiq vakili ishtirok etishi kutilmoqda. “UzAW”ni qoʻllab-quvvatlovchi xalqaro tashkilotlar: AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), YEXHTning Oʻzbekistondagi koordinatori ofisi, Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi va Osiyo taraqqiyot banki.