Toshkent shahrida yetakchilik va volontyorlik mavzusida munozara klubi boʻlib oʻtdi

    Keyingi avlod 11 Sentabr 2020 903

    Toshkent shahrida «Yuksalish» umummilliy harakati va qator hamkor tashkilotlar tomonidan yetakchilik va volontyorlik mavzusiga bagʻishlangan munozara klubi tashkil etildi.

    Nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat tuzilmalari vakillari, volontyorlar guruhlari va ekspertlar ochiq muloqot formatida volontyorlikni rivojlantirishning global tendensiyalari, volontyorlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga oid tizimli muammolar va yondashuvlar, pandemiya davrida yetakchilik va volontyorlik faoliyatini muhokama qildilar.

    Taʼkidlanganidek, bugungi kunda professional volontyorlik tashkilotlari dunyoning 80 mamlakatida mavjud. Ular jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Koronavirus pandemiyasi shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekistonda ushbu institutdan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlanish uchun faol foydalanish mumkin. Misol uchun, volontyorlar yordamga muhtojlarga, keksalarga turli yordamlar koʻrsatishdi, shu jumladan bepul psixologik xizmatlarni yoʻlga qoʻyishdi, fuqarolarning murojaatlarini qabul qilishdi, izolyatsiya paytida oziq-ovqat va boshqa zarur buyumlarni yetkazib berishdi. Volontyorlik yoshlarning jamiyat hayotiga kirishib ketishlariga, zarur koʻnikmalar va ish tajribalarni egallashga, malaka oshirishga, asosiy qadriyatlar va maqsadlarni shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.

    2019-yil dekabridan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlari yoʻlida fuqarolar, guruhlar yoki volontyorlik tashkilotlari tomonidan ixtiyoriy faoliyat yuritish uchun huquqiy asos yaratgan “Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirdi. Qonunda volontyorlik faoliyati maqsadlari etib jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman jamiyatga yordam koʻrsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, jamiyatda fuqarolik nuqtayi nazarini, oʻzini oʻzi tashkil etish, ijtimoiy masʼuliyat, birdamlik, oʻzaro yordam berish va rahm-shafqat tuygʻularini shakllantirish kabilar belgilab qoʻyilgan.

    Qonun bilan volontyorlik faoliyati sohasini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmi oʻrnatilgan boʻlib, unga koʻra volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, uni monitoring qilish, sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va tajriba almashishga koʻmaklashiladi.

    “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan fuqarolarning fuqarolik institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatidagi ishtiroki holatini oʻrganish, ularning mamlakat ijtimoiy hayotidagi ishtirokining turli shakllari va darajasini aniqlash boʻyicha ijtimoiy tadqiqot oʻtkazdi. Uning natijalari oʻtkazilgan tadbir davomida eʼlon qilindi. Soʻrovda respublikaning barcha hududlaridan 700 nafardan ziyod fuqarolar va NNT faollari ishtirok etdi. Natijalar shuni koʻrsatmoqdaki, aksariyat ishtirokchilarda “nodavlat notijorat tashkiloti” tushunchasining mohiyati haqida umumiy tasavvur mavjud, ammo ular asosan tuzilmaviy faoliyatga ega va birozgina oʻz tashabbusi bilan faoliyat yurituvchi NNTlardan xabardor. Fuqarolar jamoat ishlarining ahamiyatini turlicha tushunadilar. Ammo koʻproq bu boshqalarga foyda keltiradi va mamlakatning ijtimoiy hayotida ishtirok etish imkoniyatidir, degan fikr koʻproq uchraydi. Kutilganidek, respondentlarning aksariyat qismi jamoat ishlarida (hasharlarda, obodonlashtirish ishlarida va boshqalarda) faol ishtirok etishmoqda va ozroq qismi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida qatnashishadi.

    Fuqarolar hayotidagi jamoat tashkilotlarining oʻrni toʻgʻrisidagi savolga fikrlar teng ikkiga boʻlindi. Bir qismida nodavlat notijorat tashkilotlarining roli muhimligi qayd etilgan boʻlsa, ikkinchisida ularning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ahamiyati yoʻqligi aytilgan. Shunga qaramay, respondentlarning aksariyati har qanday jamoat birlashmalari yoki notijorat tashkilotlari faoliyatida faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ammo fuqarolar jamoat tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisida xabardor emasligi va ragʻbatlantirilmasligi, shu jumladan moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlanmasligi toʻsqinlik qilmoqda.

    Tadbir doirasida Oʻzbekiston volontyorlari va tashabbuskor guruhlari faoliyati, ular tomonidan uyushtirilgan aksiyalar, pandemiya paytida koʻngilli psixologlarning faoliyati, shuningdek, volontyorlar va nodavlat notijorat tashkilotlarini birlashtiruvchi maxsus platforma - unions.uz veb-sayti taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Muhokama natijalariga koʻra, koʻngillilar faoliyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash, uni tizimlashtirish boʻyicha mavjud muammolarni hal qilish, shuningdek, Oʻzbekistonda koʻngillilarni rivojlantirishning maqsadli dasturini samarali amalga oshirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqildi.

    Tadbir Internet tarmogʻi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri yoritib borildi va unda respublika hududlari hamda Markaziy Osiyo davlatlarining nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham ishtirok etishdi.
    Maʼlumot uchun: Tadbir “Taraqqiyot tarixi: ichkaridan nazar” XI xalqaro konferensiyasi doirasida tashkil etildi. Konferensiyaning bu yilgi mavzusi etib “Yetakchilik va volontyorlik – rivojlanish omili” belgilandi. 2020-yil 7-sentyabrdan 14-sentyabrgacha Markaziy Osiyoning 80 dan ortiq fuqarolik jamiyati vakillari turli mavzularga oid sessiyalarda ekspert sifatida qatnashmoqdalar. Tadbir Qozogʻistonning ARGO tashkiloti bilan hamkorlikda AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy koʻmagida amalga oshirildi.

    «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati