Ijtimoiy tarmoqlar orqali Toshkent shahri havosining inson salomatligiga salbiy taʼsiri haqida eʼlon qilingan xabarlarga nisbatan Tabiat resurslari vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
"Mamlakatimizning tabiiy xususiyatlari (quruq iqlim, qumli va gilli tuproq) sababli atmosfera havosida muallaq zarrachalar – chang miqdori yuqori hisoblanadi. Toshkent shahrida 15 ta kuzatuv postlar mavjud boʻlib, 2021-yildan 2 ta “Horiba” (Yaponiya–Germaniya) zamonaviy avtomatik stansiyasi faoliyatini boshladi. Toshkent shahrida 2 ta zamonaviy avtomatik stansiyani ishga tushirilishi ilk bor atmosfera havosidagi kichik oʻlchamdagi RM 2,5 moddalarni ham kuzatish hamda aniq maʼlumotlar tayyorlash imkoniyatini berdi.
Oʻzbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligining Toshkent shahridagi havo sifatini 15 ta nuqtaga oʻrnatilgan moslamalar orqali oʻlchab boriladi va kuzatuv natijalariga koʻra Toshkent shahrida havoning mayda chang zarralari (RM 2,5) bilan ifloslanishi darajasi havoning “oʻrta” va “yaxshi” darajadagi ifloslanish toifasiga kiradi. Bu esa, inson salomatligiga jiddiy taʼsir koʻrsatmaydi.
Maqola eʼlon qilingandan keyin, Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan oʻrganish tahlil ishlari olib borilib, shahar hududining bir nechta nuqtalarida atmosfera havosidan tahlil uchun naʼmunalar olindi.
Olingan tahlil natijalariga koʻra atmosfera havosidagi zararli moddalar miqdori meʼyor darajasidan ortiq holatlar aniqlanmadi.
Toshkent shahrida ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof tabiiy muhitga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan korxonalarda ushbu xolatlarni bartaraf qilishga koʻmaklashish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi.
Shu oʻrinda, ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan tahlillar “Xaus fresh” xalqaro jamoatchilik loyihasi tomonidan olib borilgan boʻlib, hozirgi kunda ushbu holatlar boʻyicha tegishli mutasaddi vazirlik va idoralarning mutaxassislari ishtirokida qoʻshimcha ilmiy oʻrganishlar va tahlillar olib borilmoqda.
Xulosa oʻrnida, Toshkent shahri va xususan, respublikaning atmosfera havosining umumiy holati boʻyicha Tabiat resurslari vazirligi, Oʻzgidromet xizmati agentligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat oʻrnatilganligi hamda aholining ortiqcha sarosimaga tushishlariga jiddiy sabablar yoʻqligini, shuningdek, atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillardan hisoblangan, sanoat, transport tashlamalari bilan birgalikda tamaki isteʼmol qiluvchilarni ham sogʻlom turmush tarziga rioya etgan holda hayot kechirishlariga chaqirib qolamiz."