Toshkent shahrida narkolaboratoriya faoliyatiga chek qoʻyildi

    1986 va 1988-yillarda tugʻilgan, oliy maʼlumotli boʻlgan 2 nafar shaxs logistika faoliyati bilan shugʻullanish niqobi ostida Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanishgan.

    Soʻnggi vaqtlarda yoshlar orasida sintetik narkotik moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining isteʼmoli tobora ommalashib bormoqda. Lekin, bunday vositalarni muntazam isteʼmol qilish inson organizmiga salbiy taʼsir qilishi shubhasiz.

    Shu va shu kabi boshqa salbiy holatlarning oldini olish maqsadida respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda.

    Xususan, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qoʻmitasi xodimlarini jalb qilgan holda oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida Toshkent shahrida yashirin faoliyat olib borgan narkolaboratoriya fosh etildi.

    Jumladan, 1986 va 1988-yillarda tugʻilgan, oliy maʼlumotli boʻlgan 2 nafar shaxs logistika faoliyati bilan shugʻullanish niqobi ostida Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanishgan.

    Koʻzdan kechirish jarayonida xonadonda jami 56 ta oʻramda 26 kg.ga yaqin “Mefedron” giyohvandlik vositasi, sintetik narkotik tayyorlashda foydalaniladigan 400 kg.dan ortiq suyuqlik va kukun koʻrinishidagi kimyoviy moddalar hamda xom-ashyolar, zarur asbob-uskunalar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Tergovga qadar tekshiruv davomida, giyohvandlik vositalari tayyorlashda foydalaniladigan asbob-uskunalar, xom-ashyo va prekursorlar xorijdan keltirilganligi va tayyorlangan narkotik moddalarning savdosi Internet tarmogʻi orqali amalga oshirilganligi maʼlum boʻldi.

    Tadbir davomida olingan narkotik moddalar taxminan 80 ming “doza”ni tashkil qilishi va qora bozordagi qiymati 900 ming AQSH dollariga tengligi, shuningdek, narkolaboratoriyada saqlanayotgan 400 kg.dan ortiq kimyoviy moddalar va xom-ashyolar yordamida 50 kg.ga yaqin “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ishlab chiqarish mumkinligi maʼlum boʻldi.

    Narkolaboratoriya aniqlanganligi holati yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, DXX Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.