Oʻzaro janjallashgan avtobus haydovchilari yarashib olishdi

    Shu munosabat bilan ularga qoʻzgʻatilgan maʼmuriy ish tugatildi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlgan yana ikki avtobus haydovchilarining xatti-harakatlari bilan bogʻliq holat yuzasidan rasmiy munosabat berildi.

    2023-yil 27-fevral kuni jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) boʻyicha A.Oʻ. (1993-yilda Toshkent viloyatida tugʻilgan, 1-sonli avtosaroyining 93-yoʻnalish avtobusi haydovchisi) va B.B. (1992-yilda Sirdaryo viloyatida tugʻilgan, 617-yoʻnalish avtobusi haydovchisi) ga nisbatan yuritilgan maʼmuriy ish koʻrib chiqildi.

    Sud majlisida aniqlanishicha, A.Oʻ. 1-sonli avtosaroyning 93-yoʻnalish avtobusi haydovchisi boʻlib, 2023-yil 24-fevral kuni Mirobod tumani, Fargʻona yoʻli koʻchasi “Avtosalon” oldida, oʻzining tanishi 617-yoʻnalish avtobusi haydovchisi B.B. bilan oʻzaro kelishmovchilik oqibatida janjallashib, jamoat joyida baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzib, bir-birlari bilan janjallashgan.

    Sud majlisida ish boʻyicha jabrlanuvchi hamda maʼmuriy xuquqbuzar B.B. va ish boʻyicha jabrlanuvchi hamda huquqbuzar A.Oʻ. ariza bilan murojaat qilishib, maʼmuriy ishni yarashganliklari munosabati bilan tugatishni soʻrashgan.

    A.Oʻ. va B.B.ga nisbatan MJtKning 183-moddasi bilan yuritilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish taraflarning yarashuvi munosabati bilan tugatildi.

    Jabrlanuvchilar B.B. hamda A.Oʻ. ga MJtKning 313-2-moddasining talabiga asosan ish boʻyicha yuritishni qayta tiklash yuzasidan iltimosnoma berish huquqi yoʻqolganligi tushuntirildi.

    Ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati yoki protest berilishi mumkinligi maʼlum qilinadi.