Toshkent shahrida Saudiya investitsiyasi yordamida yuqori voltli kabel mahsulotlari ishlab chiqariladi

    2025-yil 27–28-oktyabr kunlari Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoniga ishchi tashrif bilan bordi.

    Muzokaralar chogʻida Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid Al-Falih hamda qirollikning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan sanoat, energetika, infratuzilma, sogʻliqni saqlash va mehnat migratsiyasi sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Tashrif yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Riyadh Cables Group oʻrtasida Toshkent shahrida yuqori voltli kabel mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyiha amalga oshirish toʻgʻrisida bitim imzolandi.

    Loyiha qiymati 122 million AQSH dollarini tashkil etib, yiliga 24 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi hamda 340 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

    Shuningdek, energetika, suv taʼminoti, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi va infratuzilma sohalarini qamrab oluvchi 20 dan ortiq qoʻshma loyihalarni oʻz ichiga olgan Amaliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.