Bugun, 11-mayda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Toshkent shahrida boʻlib oʻtayotgan Xalq diplomatiyasi forumida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

Senat Raisi oʻz maʼruzasida xalq diplomatiyasining keng vositalaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashish nuqtayi nazaridan ushbu anjuman muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Forum davlatlararo va mintaqalararo aloqalarni, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, oʻzaro anglashuvga erishish boʻyicha sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish, SHHT mamlakatlari xalqlari oʻrtasida ishonch va doʻstlikni mustahkamlashga qaratilgan nuqtayi nazarlarni shakllantirishdek ezgu maqsadni koʻzlaydi, – dedi T.Narbayeva.

Zamonaviy dunyo globallashuvning qarama-qarshi tendensiyalari taʼsirida oʻzgarib borayotgani, barqaror va inklyuziv rivojlanishi oldida yangi xavf va tahdidlar paydo boʻlayotganiga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz.

Xalqaro terrorizm, radikalizm va ekstremizm, ksenofobiya va irqchilik, xalqaro tizimning yetakchi ishtirokchilari oʻrtasida ishonch inqirozining keskinlashuvi, shuningdek, iqlim oʻzgarishi va pandemiyadan keyingi rivojlanish bilan bogʻliq muammolar va boshqa koʻplab muammolar kelishilgan global harakatlarni hamda mintaqaviy darajada samarali oldini olish va javob berish choralarini birgalikda koʻrishni talab qiladi.

Bugun barcha mamlakatlar duch kelayotgan yuqorida sanab oʻtilgan va boshqa umumiy muammolar davlatlar bir-biri bilan qanchalik chambarchas bogʻlanganligini koʻrsatmoqda.

Shuningdek, xalqaro vaziyat murakkablashgan paytda xalq diplomatiyasi odamlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va tushunishni mustahkamlash orqali umumiy muammolarni birgalikda hal qilish yoʻllarini topishning samarali vositasi boʻlib xizmat qiladi.

Sayyoradagi 3 milliarddan ortiq aholini birlashtirgan SHHT mamlakatlari (3,2 milliard) madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlashi, mamlakatlarimizdagi fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirishi, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari hamkorligini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi muhim ahamiyatga egadir.

Taʼkidlanishicha, mintaqamizda doʻstlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida parlament diplomatiyasi orqali xorijiy hamkorlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashayotgan qonun chiqaruvchi organlar ham katta rol oʻynaydi.

Tashkilot barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, qashshoqlikka qarshi kurashish, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun gender tenglikni taʼminlash hamda xotin-qizlarning yetakchilik salohiyatini rivojlantirish masalalarida hamkorlikni yanada kengaytirishi zarur ekanligi alohida qayd etildi.

Senat Raisi taʼkidlaganidek, forum yuqorida sanab oʻtilgan yoʻnalishlarda ezgu maqsad va vazifalarni bajarish uchun xalq diplomatiyasining keng koʻlamli vositalaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashish uchun noyob imkoniyatdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.