“Yaqin kunlarda jamoat transporti yoʻnalish tarmogʻini optimallashtirish belgilangan edi. Mana, metropoliten faoliyati tiklandi. Optimallashtirish yaqin 3 oyda amalga oshirishi belgilangan. Har bir yoʻnalishni ochish, qisqartirish, oʻzgartirish, yopish haqida alohida eʼlonlar orqali yoʻlovchilarga yetkaziladi”, —deydi mutaxassis.
Bundan tashqari, Joʻrayev “Toshshahartransxizmat” va Toshkent metropoliteni tomonidan avtomatlashtirilgan toʻlov tizimi tashkil etilgani, yoʻlovchilarga imkon qadar elektron toʻlov tizimidan foydalanish tavsiya qilinishini bildirdi. Elektron toʻlov kartalarini Toshkent shahridagi 89 ta oylik yoʻl chiptalarini sotuvchi shahobchalar va barcha metropoliten kassalaridan sotib olish mumkin.
Jamoat transporti yoʻlovchilari uchun yaratilgan yana bir qulaylik sifatida “Toshshahartransxizmat” va 2GIS hamkorligida maxsus mobil ilova tushirilgani tilga olindi. U orqali yoʻlovchilar oʻz harakatlarini rejalashtirishi mumkin boʻladi. Ilovaga yoʻlovchi oʻzining turgan manzilini kiritib, bormoqchi boʻlgan manziliga qaysi transport vositasi orqali qancha vaqtda yetib olishi mumkinligidan xabardor boʻladi. Mobil ilova avtobuslarning yoʻnalishini oʻzgartirish joylari, metro bekatlarining har birini koʻrsatadi.