O'zbekiston Prezidentining fan, ta'lim, sog'liqni saqlash va sport masalalari bo'yicha davlat maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov 24-dekabr` kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabining bitiruvchi sinf o'quvchilari bilan uchrashdi.

11-sinf o'quvchisi Firdavs Abduqayumov AQSHning ikkita nufuzli oliy ta'lim muassasasi — Ksav`e va Jon Keroll Universitetlariga grant asosida qabul qilindi. Ksav`e universitetiga grant miqdori 89 ming dollar, Jon Keroll Universitetiga esa 96 ming dollarni tashkil etadi.
Davlat maslahatchisi yutuqlari e'tirof etilgan Firdavsni yana bir bor tabriklab, unga Prezident sovg'asi — zamonaviy komp`yuterni topshirdi.

— Prezidentimiz bir necha bor mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani haqida aytib o'tdilar. Sizlar mazkur Uchinchi Renessans davrining vakillarisiz, — deb ta'kidladi Abdujabbor Abduvohidov.

Firdavs Abduqayumov Prezidentimizga sovg'a va Prezident maktabida ta'lim olish uchun yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirgan holda, universitetda tahsil olganidan keyin mamlakatimizning rivojlanishiga o'z hissasini qo'shishini ta'kidladi.

Shuningdek,  Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktabi 11-sinf o'quvchilari hozirdan xorijning nufuzli universitetlariga o'z hujjatlarini yuborganlar. Firdavs Abduqayumovdan tashqari ayni paytda Toshkent shahridagi Prezident maktabining o'quvchisi Temur Sulaymonov Bruklin Long-Aylend Universitetiga 40 ming dollar grant asosida qabul qilingan.

Namangan shahridagi Prezident maktabi o'quvchisi Mironshoh Inomjonov Buyuk Britaniyaning  Vestminster va Grinvich Universitetiga, uning sinfdoshlari Jahongir Amirhamzaev Grinvich Universitetiga, Azimjon O'rinov va Azimjon Alijonovlar Liverpul Universitetiga qabul qilingan.
Nukus, Xiva, Namangan va Toshkent shahridagi Prezident maktablarining qolgan 11-sinf o'quvchilari hozirda xorij universitetlarining qabul bo'yicha qarorlarini kutmoqda.