Yanvar oyining boshida ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasi binosi buzilishi haqida xabarlar keng muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Ushbu holatga javoban Madaniy meros agentligi tomonidan berilgan rasmiy bayonotda bino buzilmasligi hamda obyektda olib boriladigan taʼmirlash ishlari haqida qoʻshimcha axborot berilishi maʼlum qilingan.
2024-yilning 11-yanvar kuni Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining 1-sonli yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Oʻtkazilgan yigʻilishda “Oʻzshaharsozlik LITI” davlat muassasasi tomonidan taqdim etilgan “Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasida bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish” loyihasi koʻrib chiqildi.
Loyihaga koʻra, ushbu binoga mos ravishda 26 metr, 13 metr va 52 metr masofalardagi “Akkreditatsiya-simulyatsiya” qoʻshimchasiga 2 ta yotoqxona binosini qurish, loyihada cherkov boʻlgan binoning yuqori qismini tiklash, binolarning tashqi koʻrinishini hamda konstruktiv holatini saqlash belgilangan.
Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan “Oʻzshaharsozlik LITI” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent tibbiyot akademiyasining binosi (sobiq Kadetlar binosi) rekonstruksiya qilish va inshootlarini qurish loyihasi yuqorida belgilangan talablar, shuningdek, binoning tashqi koʻrinishini konstruktiv tarzda saqlash sharti bilan tasdiqlandi.
Maʼqullangan kengash loyiha xulosasi tegishli tartibda “Oʻzshaharsozlik LITI” davlat muassasiga yuborildi.