Ushbu qarorga muvofiq harbiy tibbiyot mutaxassislarining kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshiriladi, shu paytgacha o'zlashtirilgan ko'nikmalar zamonaviy talablarga moslashtiriladi.
Harbiy tibbiyot kadrlarni tayyorlash hamda harbiy xizmatchilar va ularning oila a'zolariga samarali tibbiy yordam ko'rsatishda yangicha innovatsion ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanishning zamonaviy usul va yondashuvlari joriy etiladi.
Yangi tashkil etilgan Harbiy tibbiyot akademiyasi O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralar uchun harbiy tibbiyot sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlaydi. Buning natjasida zaxira va rezervdagi tibbiyot xizmati ofitserlari etishtirib berish borasida ishonchli qadam qo'yildi. eng muhimi, harbiy tibbiyot amaliyotidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga yo'naltirilgan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
2021/2022 o'quv yilidan boshlab Harbiy tibbiyot akademiyasida tahsil olish uchun nomzodlar O'zbekiston Respublikasi oliy tibbiy ta'lim muassasalari davolash fakul`tetlarining beshinchi bosqichi va tibbiy-profilaktika fakul`tetlarining to'rtinchi bosqichini tamomlagan, o'qish yakunlari bo'yicha eng yuqori natija ko'rsatgan, o'qishini Harbiy tibbiyot akademiyasida davom ettirish va kelgusida kontrakt bo'yicha harbiy xizmatni o'tash istagini bildirgan, shuningdek, harbiy xizmatga yaroqli bo'lgan talabalar orasidan O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan tanlab olinadi. Akademiya kursantlarining o'qish muddati — ikki bosqichli majburiy harbiy tibbiyot o'quv dasturi asosida ikki yildan iborat.
Gulchehra Mirzaeva,
Toshkent tibbiyot akademisi matbuot kotibi.