Tuman hokimligi va “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki hamkorligida amalga oshirilayotgan mazkur yirik loyihani moliyaviy muassasaning Yunusobod filiali tomonidan ajratiladigan 55 milliard soʻm kredit bilan moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Zamonaviy limonariyning birinchi bosqichi joriy yilning sentyabr oyida foydalanishga topshiriladi. Loyiha yil oxirigacha toʻliq ishga tushirilishi koʻzda tutilgan. Issiqxona faoliyatini toʻliq boshlagach, 500 nafarda ziyod aholi uchun doimiy ish oʻrinlari yaratiladi. Natijada “Shamsiobod”, “Oltintepa”, “Beshterak”, “Qoraboʻrik” va “Beruniy” mahallalaridagi ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlanadi.

Taʼkidlash joizki, limonariyga Respublika limonchilik uyushmasi tomonidan “Toshkent” navli intensiv koʻchatlar yetkazib beriladi. Shu bilan birga, nihollarning parvarishi, agrotexnik tadbirlarning vaqtida oʻtkazilishi va hosilni realizatsiya qilishda amaliy yordam beriladi. Shu tarzda Toshkent tumanida sanoat usulida limon yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, mazkur loyiha mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 19-fevraldagi “Limonchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilyapti.