Toshkent tumanlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari muhokama etildi

    Sanoat 30 Avgust 2022 1604

    Joriy yil 30-avgustda Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligidagi va tegishli boʻlim boshliqlaridan iborat ishchi guruh Toshkent shahrining Chilonzor tumani ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishining hozirgi holatini joyiga chiqib oʻrganib keldi.

    Xususan, bir qator ishlab chiqarish obyektlarining faoliyati oʻrganildi, hamda mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar bilan ularni qiynab kelayotgan dolzarb masalalar va muammolar muhokama qilindi.

    Guruh tomonidan “KENT FOOD” ip kalava ishlab chiqarish korxonasi va “FINLAND BUTTER” qandolat mahsulotlar fabrikasi faoliyati bilan tanishildi. Korxonalarga tashrif buyurish jarayonida tadbirkorlar texnologik jarayon haqida batafsil maʼlumot berib, ishlab chiqarishni yanada kengaytirish rejalarini taqdim etdilar. Ular koʻtargan barcha muammoli masalalar zudlik bilan nazoratga olindi. Masʼul rahbarlarga masalalarni hal etish choralarini koʻrish topshirildi.

    Shuningdek, oʻrganish doirasida Toshkent shahrining Chilonzor va boshqa tumanlari hokimiyat organlari rahbariyati bilan videokonferensiya tarzida investitsiyaviy, sanoat va savdo faoliyatini jadallashtirish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadlarini koʻpaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Shahar tumanlarida roʻyxatdan oʻtgan 60 mingdan ortiq korxonalarni inventarizatsiya qilish, mahalliy aholi uchun qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish imkoniyatlarini aniqlash, shuningdek, zarur malaka va kasbiy koʻnikmalar oʻzlashtirilishi uchun sharoit yaratish topshirildi.

    Yigʻilish yakunida vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga Toshkent shahar tumanlarining kompleks rivojlanishini yanada ragʻbatlantirish boʻyicha manzilli topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.