Toshkent va Budapesht oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovlari yoʻlga qoʻyilmoqda

    Shu yil 30-iyun kunidan boshlab Oʻzbekistonning “Qanot Sharq” aviakompaniyasi Toshkent–Budapesht–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri muntazam havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyadi.

    Ushbu kelishuv ikki mamlakat tashqi ishlar va transport vazirliklari oʻrtasida olib borilgan samarali muzokaralar natijasidir.

    Dastlab parvozlar har yakshanba kuni amalga oshiriladi. Shuningdek, “Qanot Sharq” aviakompaniyasi joriy yil 4-sentyabrdan boshlab ushbu yoʻnalish boʻyicha chorshanba kunlari amalga oshiriladigan reyslarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.

    Toshkent–Budapesht–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha havo qatnovlarining amalga oshirilishi sayyohlar, ishbilarmonlar va talabalar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

    – Biz yoʻlovchilarimizga Toshkent va Budapesht oʻrtasida qulay va muntazam qatnovlarni taklif qilishdan mamnunmiz, – dedi “Qanot Sharq” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Moses Pak, – Ushbu reyslar nafaqat transport qulayligini, balki mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy va iqtisodiy aloqalarni ham mustahkamlaydi.