Toshkent va Fargʻonada qurol-yaroq va oʻq dorilarni yashirincha olib kirishga doir holatlar fosh qilindi

    Xavfsizlik 5 Fevral 2022 1409

    Turli nayranglarni qoʻllagan holda bojxona chegaralarini chetlab oʻtishga boʻlgan urinishlarga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli tarzda kurash olib borilmoqda.

    Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro Ye.A. boshqaruvidagi “TOYOTA LAND CRUISER” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Natijada, avtomashinada tegishli hujjatlari va ogʻzaki soʻrovda aytilmagan 1 dona pnevmatik toʻpponcha, 2 dona pnevmatik toʻpponcha uchun gaz balon hamda 310 dona pnevmatik oʻqlar borligi aniqlandi

    Yana bir holatda, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “S.Najimov” chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro A.I. boshqaruvidagi avtotransport vositasi bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

    Natijada, avtomashina yukxonasidagi chang yutgich ichida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan va ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan 1 dona pnevmatik toʻpponcha hamda 243 dona pnevmatik toʻpponcha uchun moʻljallangan oʻqlar borligi aniqlandi.

    Shuningdek, Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi “Fargʻona aeroporti” chegara bojxona postida xorijdan uchib kelgan fuqaro D.J.ga tegishli yuklar bojxona nazoratidan oʻtkazildi.

    Natijada, yuklar orasida tegishli hujjatlari boʻlmagan 2 dona 12 kalibrli ov qurollari borligi aniqlandi.

    Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.