Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa daxldor tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan oʻtkazilayotgan tekshiruvlar davomida avtomatik yongʻin oʻchirish va xabar berish tizimlari, zaxira evakuatsiya yoʻllari, ichki yongʻin kranlari, “Chiqish” elektron tablolari, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari hamda boshqa yongʻinga qarshi inventarlarning mavjudligi, sozligi va ishlash holati oʻrganilmoqda.

Aniqlangan qoidabuzarliklar insonlar hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirgan hollarda obyektlar faoliyati kamchiliklar toʻliq bartaraf etilgunga qadar vaqtincha toʻxtatib turilmoqda.

Xususan, Toshkent shahri Uchtepa tumanida joylashgan “Globus Mall” savdo-koʻngilochar majmuasining bolalar oʻyin zonasida yongʻin xavfsizligi talablari qoʻpol ravishda buzilgani sababli uning faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati Denov tumani “Bogʻinav” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan savdo-koʻngilochar markazning 3-qavatidagi bolalar oʻyingohida ham yongʻin xavfsizligi talablari qoʻpol ravishda buzilgani aniqlanib, oʻyingoh faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.

Yana bir holatda, Toshkent viloyati Zangiota tumani “A. Yassaviy” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan ishlab chiqarish obyektida oʻtkazilgan tekshiruv natijasida 29 ta banddan iborat yozma koʻrsatma berildi. Qoʻpol qoidabuzarliklar aniqlangan omborxona qismidagi kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar obyekt faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.

Shuningdek, Zangiota tumani “Istiqlolning 5-yilligi” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan yana bir korxonada oʻtkazilgan tekshiruvda 32 ta banddan iborat kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish boʻyicha yozma koʻrsatma taqdim etildi hamda obyekt faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.

Ayni paytda barcha obyekt egalari tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻrilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari esa obyektlarda faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarga yongʻin va boshqa favqulodda holatlarda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha tushuntirish ishlarini olib bormoqda.