Toshkent viloyatida “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi direktori oʻrinbosari pudratchi tashkilotga 1,1 mlrd soʻm boʻnak oʻtkazib bergani va keyinchalik penya undirish boʻyicha sud daʼvodan voz kechish evaziga jami 7 ming AQSH dollari pora olgan vaqtida ushlandi. Unga nisbatan JKning 210-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Ekologiya boshqarmasining tuman boʻlimi boshligʻi koʻp yillik daraxtlarni kesishga ruxsat berish evaziga 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Unga nisbatan JKning 210-moddasi 1-qismi bilan ish qoʻzgʻatildi.
Namangan viloyati Pop tumanida mahalladagi hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 90 sotix yer maydonini rasmiylashtirib berish vaʼdasi bilan 4500 AQSH dollari olgan. Vaʼda bajarilmagani sabab pulning bir qismini qaytarish chogʻida u DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan ushlandi. Unga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda barcha holatlar boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.