Vyetnam bilan turizm boʻyicha hamkorlik mustahkamlanadi

    Turizm 29 May 2023 1687

    Bugun, 29-mayda Toshkent shahrida joylashgan “International Tashkent Hotel” mehmonxonasida Oʻzbekiston va Vyetnam davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti oʻtkazildi.

    Tadbir Oʻzbekistonning “Prestige Travel” turistik kompaniyasi tashabbusi bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etildi.

    Unda Madaniyat va turizm vazirligining masʼul xodimlari ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    Shuni taʼkidlash joizki, bugungi kunda Oʻzbekiston va Vyetnam oʻrtasida sayyohlar oqimi ham avvalgi yillarga nisbatan keskin ortgan. 2022-yil yakunlariga koʻra Vyetnamdan Oʻzbekistonga 10 ming nafarga sayyohlar kirib kelgan.

    Tadbir davomida dastlab, xorijlik tadbirkorlarga Oʻzbekistonda turizm yoʻnalishida yaratilgan imkoniyatlar va oxirgi erishilgan yutuqlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shundan soʻng tomonlar ikki mamlakatning turizm imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishish borasida muloqotga kirishdi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

    “Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Vyetnamdan Oʻzbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin koʻpaytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Jumladan, iyun oyidan boshlab poytaxtimiz Toshkent va Vyetnamning Nyachang shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar ishga tushiriladi. Oʻtgan yili “Prestige Travel” tomonidan 10 ming nafarga yaqin oʻzbekistonliklarning Vyetnamga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab vetnamliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik”, — taʼkidladi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

    “Mamlakatimiz turizmini rivojlantirishda bizdagi salohiyatni xorijda yanada kengroq targʻib etish, xalqaro aviaqatnovlar sonini koʻpaytirish va noodatiy tarzda xorijiy sayyohlar eʼtiborini jalb etish muhim hisoblanadi. Biz Vyetnamda yurtimizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va goʻzal tabiati bilan yaqindan tanishishni xohlovchilar soni ortib borayotganligidan mamnunmiz”, — dedi Madaniyat va turizm vazirligi departamenti rahbari Temur Majidov.

    Joriy yil birinchi choragida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2 million nafardan ortdi va turistik xizmatlar eksporti salkam 650 million dollarga yetdi. Joriy yilda xorijdan Oʻzbekistonga kirib keluvchi sayyohlar soni 7 million nafardan ortishi kutilyapti. Bunda Vyetnam davlati bilan turizm sohasida olib borilayotgan ikki tomonlama hamkorlik ham alohida oʻrin tutadi.

    Maʼlumot uchun, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 2018-yil Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahriga ilk marta toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar amalga oshirila boshlandi. 2021-yil may oyida esa Misrning eng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, shu yilning oʻzida Vetnamning Phu Quok oroliga ham yangi yoʻnalish ochildi. Bundan tashqari, 2022-yil yozda Vetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyildi. Joriy yil avvalida esa Chernogoriyaga toʻgʻridan toʻgʻri reyslar amalga oshirila boshlangan edi.