Toshkent viloyat turizmini rivojlantirishga investitsiyalar jalb etilyapti

    Turizm 20 Oktabr 2023 1537

    Toshkent viloyatida turizm sohasida bir qancha investitsiya loyihalari amalga oshirildi. Joriy yilda 2,1 trillion soʻm boʻlgan jami 56 ta investitsiya loyihalari, 10 ta turistik firmalar hamda 178 ta yangi oilaviy mehmon uylari tashkil etish rejalashtirilgan.

    Sentyabr oyi yakuniga qadar umumiy qiymati 948 milliard 432 million soʻm miqdoridagi jami 47 ta loyihalar amalga oshirilishi natijasida 1 320 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi. Shundan, dam olish maskanlari boʻyicha 9 ta, gastronomik turizm xizmatlari yoʻnalishida 15 ta, sogʻlomlashtirish va sanatoriy xizmatlari sohasida 1 ta, mehmonxona xizmatlari boʻyicha 12 ta, boshqa turizm xizmatlari boʻyicha esa 10 ta loyiha amalga oshirildi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Boʻstonliq tumanida 12 ta, Chirchiq shahrida 6 ta, Zangiota va Parkent tumanlarida 5 tadan, Angren shahrida 3 ta, Boʻka, Oʻrta Chirchiq, Yangiyoʻl tumanlarida 2 tadan, Bekobod, Nurafshon, Ohangaron, Olmaliq, Yangiyoʻl shaharlari va Qibray, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Chinoz, Yuqori Chirchiq tumanlarida 1 tadan loyihalar amalga oshirildi.

    Amalga oshirilgan loyihalar doirasida 40 million dollar miqdorida chet el investitsiyalari oʻzlashtirildi. Jumladan, Angren shahri “Yangiobod” mahalla hududida “Yangiabad Jemchujina chatkala” MCHJ tomonidan Togʻ-changʻi kurorti, snoubod, fristayl va tramplindan sakrashni tashkil etish loyihasi doirasida 6 million dollar, Zangiota tumanida “Expected homes” MCHJ qoʻshma korxonasi tomonidan zamonaviy turar-joy, savdo komplekslarini qurish, tibbiyot xizmatlarini yoʻlga qoʻyish loyihasi doirasida 34 million dollari oʻzlashtirilishiga erishildi. Oʻrta Chirchiq tumanida “TASH VEGAS” MCHJ tomonidan dam olish maskani tashkil etish loyihasi doirasida 600 ming dollar xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi.

    Shuningdek, 141 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 24 ta mehmonxona va dam olish muassasasi, 12 ta xostel, 105 ta oilaviy mehmon uyi hamda mahalliy va xorijiy turistlarga xizmat koʻrsatuvchi 21 ta turistik firmalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Viloyatda turizm infratuzilmasini yaxshilash, mahalliy va xorijiy turistlarga sifatli xizmatlarni tashkil etish, turistlarning viloyatda qolish muddatlarini oshirish maqsadida, turizm sohasida boʻlib oʻtayotgan xalqaro tadbir va yarmarkalar, uchrashuvlar doimiy oʻtkazilib kelinyapti. Joriy yil 18-19-oktyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi tadbirlari doirasida Shveysariya, Rossiya, Germaniya, Qozogʻiston, Turkiya, Baxrayn va boshqa davlat vakillari bilan 581,5 million dollarlik 19 ta memorandumlar imzolanib, hamkorlikdagi ishlar olib borilyapti, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.