Tibbiyot markazi tomonidan qariyb 800 million soʻmlik davlat xaridi bekor qilindi

    Toshkent viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi buyurtmachiligida 2023-yil 10-fevral kuni 796 000 000,0 soʻmlik tibbiy asbob-uskunalar xarid qilingan edi.

    Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar berishicha, bu jarayonda Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-, 23-, 14-, 42- va 46-moddalari talablari buzilgani aniqlandi.

    Jumladan, davlat xaridlarida ishtirok etgan talabgorlar yaqin qarindosh aka-ukalarga tegishli boʻlgan, yaʼni oʻzaro affillanganligi holatlari mavjud.

    Shuningdek, mazkur davlat xaridi boʻyicha Xarid komissiyasi tomonidan foydalangan kompyuterlarning IP-manzillari maʼlumoti oʻrganilganda xarid komissiyasi raisi, aʼzolari (ovoz berib baholash vakolatiga ega) va komissiya kotibi 2023-yil 10-fevral kuni soat 21:05 dan 21:11 gacha, yaʼni oʻrtacha 6 daqiqa vaqt ichida IP-manzili bir kishiga tegishli boʻlgan kompyuter orqali boshqarilib, xarid natijalari baholanganligi va bayonnoma rasmiylashtirilganligi maʼlum boʻldi.

    Mazkur holatlar boʻyicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish toʻgʻrisida buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi va chora koʻrish uchun toʻplangan hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi, shuningdek, holat boʻyicha xizmat tekshiruvi oʻtkazish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligiga soʻrovnoma kiritildi.

    Toshkent viloyati Bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 2023-yil 13-fevral kuni Agentlikka taqdim etilgan xatga koʻra, Agentlikning taqdimnomasida qayd etilgan kamchiliklar bartaraf etilib, Xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilingan.