Yigʻilishda viloyatda kambagʻallikni qisqartirish rejalari koʻrib chiqildi.
Prezident viloyatda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha hisob-kitoblarni maʼqullamadi.
“Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambagʻal oila qolishini oʻzi uyat”, — dedi davlatimiz rahbari.
Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholi ishli qilish boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinlarda turibdi. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga toʻgʻri keladi. Yoki, oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5 foizni tashkil qiladi.
Viloyatdagi 12 ming vakant oʻrinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, koʻcha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga mansub. Lekin, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish oʻrniga, ularga har yili 4 milliard soʻm ishsizlik nafaqasi toʻlanmoqda.
Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari E.Muxitdinov lavozimidan ozod etildi.