Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Olmaliq tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “G.G.” MCHJ rahbari D.S. Olmaliq shahridagi umumiy oʻrta taʼlimi maktabi hududida eshik rom ishlab chiqarish sexi tashkil etib, umumiy foydalanishdagi tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, 355,7 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Bekobod tumani boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.D. YATT “D.D.”ning nomidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida elektr hisoblagichdan tashqari ulanib, 135,9 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Fargʻona shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro U.M. va boshqalar “Hamkorlik” MFY hududidagi novvoyxonada umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, 109,3 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari, shuningdek U.M. yetkazilgan zararni toʻlamaslik maqsadida goʻyoki ushbu novvoyxonani fuqaro B.A.ga 2024-yilning iyun oyida foydalanishga berganligi toʻgʻrisida soxta dalolatnoma rasmiylashtirib elektr tarmoqlari korxonasiga taqdim qilganligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.