Xo‘sh, ularning yechimi-chi? Bugun xalq qabulxonasiga murojaat bilan kelgan inson o‘z muammosiga qachalik tez va samarali yechim topyapti?

Toshkent viloyati Xalq qabulxonasiga tashkil etilgan media-tur davomida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning yangi mexanizmlari, zamonaviy texnologiyalar va murojaatlarni tahlil qilish tizimi OAV vakillari va blogerlarga namoyish etildi. Aytishlaricha, bu yerda murojaatlar bilan ishlash va ularga amaliy yechim topish bo‘yicha yangi, zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yildi.

— Davlatimiz rahbarining 2026-yil 1-apreldagi tegishli farmoniga ko‘ra, bu yerda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimida qator yangiliklar joriy etildi, — deydi Toshkent viloyati Xalq qabulxonasi mudiri o‘rinbosari Nasiba Qulbekova. — Endilikda murojaatlar “shoshilinch”, “odatiy” va “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratilib, ularning ijrosi ustidan vaqt nazorati o‘rnatilmoqda. Muhimi, fuqaro bilan muloqot qilinmasdan turib murojaatni yopish amaliyotiga yo‘l qo‘yilmaydi. Tez orada esa murojaatchilarga murojaatining holati, qaysi bosqichda yekani, kim tomonidan ko‘rib chiqilayotgani va natijasi haqida SMS-xabarnoma yuborish tizimi ham ishga tushiriladi. Bu fuqaroga o‘z murojaati taqdirini bevosita kuzatib borish imkonini beradi.

Toshkent viloyati Xalq qabulxonasida ishga tushirilgan zamonaviy mexanizmlar hozircha yurtimizdagi xalq qabulxonalari ichida yagona sanaladi. Bu yerda fuqarolarning murojaatlarini qulay tarzda bayon etishi, mutasaddilar qabuliga kirishi va zarur xizmatlardan foydalanishi zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan.

Binoga kiraverishdayoq fuqarolarni sun’iy intellekt asosidagi gologramma kutib oladi. U nafaqat savollarga huquqiy yo‘nalishda javob beradi, balki murojaatchini tegishli mutaxassisga yo‘naltirishga ham ko‘maklashadi. Elektron navbat olishda qiynalgan fuqarolarga Xalq qabulxonasi mutaxassislari amaliy yordam ko‘rsatadi. Viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari qabuliga yozilish esa infokiosk orqali amalga oshiriladi.

Fuqarolar murojaati bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga, shuningdek, ularning hududiy bo‘linmalariga videomurojaat qoldirish imkoniyatiga ham ega. Qabulxonada tashkil etilgan diagnostika markazi kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilish, muammolarning sabablarini aniqlash va ularning tizimli yechimlarini ishlab chiqishga xizmat qiladi. Zarur hollarda mas’ul mutaxassislar, “mahalla yettiligi” a’zolari hamda yoshlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar shakllantirilib, muammolar joyiga chiqib o‘rganiladi.

Fuqarolar uchun qabulxonada qulay sharoitlar yaratilgan. Kutubxona, bolalar maydonchasi va tibbiyot xonasi ham tashkil etilgan. Bu manzilda odamlar o‘z murojaatlariga tez va qulay tarzda yechim topmoqda.

Zero, murojaat — muammoni hal etishning boshlanishi. Xalq qabulxonalari faoliyati esa faqat fuqaroni tinglash yoki murojaatni tegishli tashkilotga yuborishdan iborat emas. Murojaatlar ortidagi sabablarni aniqlash, takrorlanayotgan muammolarni tahlil qilish va ularning tizimli yechimini topish asosiy vazifalardan biriga aylanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil yanvar-iyun oylarida Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga 465 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foiz ko‘p. Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p murojaatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi, Energetika vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bosh prokuratura hamda Bandlik vazirligiga yo‘llangan.

Har bir murojaat ortida esa insonning hayoti, yehtiyoji va muammosi turadi. Uni eshitish, o‘rganish va amaliy yechim topish “Davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning eng muhim amaliy ifodasidir. Toshkent viloyati Xalq qabulxonasida joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar, diagnostika va vaziyatlar markazlari ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri