Toshkent viloyatida 2022-yilda Qishloq va suv xoʻjaligi masalalari yuzasidan “Yoʻl xaritasi” boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Viloyat rahbari raisligida oʻtgan yigʻilishda sektorlar rahbarlari, tegishli boshqarmalar vakillari, loyihachi va qurilish tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Mavzu yuzasidan Toshkent viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Xolmirza Niyozov atroflicha axborot berdi.

Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning strategiyasi toʻgʻrisida” gi farmoni ijrosi doirasida belgilangan vazifalar va maqsadlar asosida Toshkent viloyatining qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida keng koʻlamli ishlar qilinadi. Qayd etilganidek, Prezidentimizning 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan tumanlarda paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirish hisobiga dehqon xoʻjaliklari tashkil etish va bu yilgi hosil uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish koʻrsatkichlarini oshirish kutilmoqda.

Paxta va gʻalladan qisqartiriladigan 5,5 ming gektar yer maydonlari aholiga 25 sotixdan 1 gektargacha ochiq tanlov asosida uzoq muddatli ijaraga berilib, ishsiz 32,5 ming nafar “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ga kiritilgan aholi bandligi taʼminlanadi. Ushbu maydonlarda sabzavot, poliz, kartoshka va dukkakli ekinlar yetishtirish kooperatsiya qilinib, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida tashkil qilinadi. Aholi xonadonlariga biriktirilgan jami 31,6 ming gektar yer maydonlarida ertaki (bahorgi), takroriy (oʻrtaki) va toʻqsonbosti ekinlardan 340 ming tonna mahsulotlar yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Joriy yilda 55 ta “Tomorqa xizmati” MCHJ tashkil etiladi. Suv taʼminoti ogʻir hududlardagi 80 ta aholi tomorqalariga artezian quduqlari qazib, suv chiqariladi. Shuningdek, parranda boqishni tashkil etish orqali 1,7 mingta oilaning qoʻshimcha daromad olishiga imkon yaratiladi.

Xususan, Quyi Chirchiq tumanida kurkachilikni rivojlantirish uchun qulay imkoniyatlar borligini inobatga olib, 400 ta oilada 50 boshdan jami 20 ming bosh kurka boqish rejalashtirilmoqda. Viloyat boʻyicha jami 1 million 170 ming, shundan 1 million 86 ming bosh parranda, 33,3 ming bosh quyon, 16 ming ta asalari uyasi va 35 ming bosh qoʻy-echkilar aholi xonadonlariga tarqatiladi. Bu saʼy-harakatlar natijasida aholi bandligi taʼminlanib, daromadi oshadi. Taqdimot davomida soha mutasaddisi foydalanishdan chiqqan qishloq xoʻjaligi yerlarini tiklash va yangi yerlarni oʻzlashtirish haqida ham aytib oʻtdi. Jumladan, viloyatda qoʻshimcha 5,4 ming gektar yangi yer maydonlari oʻzlashtiriladi. Mazkur joylar meva-sabzavot, dorivor va ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun tanlov asosida aholiga ajratiladi.

Elektr energiya tortish va quduq qazish xarajatlarining 50 foizi qoplab berilishi maqsad qilingan. Parkent, Qibray, Piskent, Yuqori Chirchiq, Yangiyoʻl, Ohangaron va Boʻstonliq tumanlarida iqtisodiy samarasiz boʻlgan 3,1 ming gektar bogʻ va 4,2 ming gektar tokzorlar toʻliq yangilanadi. Yangi oʻzlashtiriladigan va lalmi yerlar hisobidan ushbu hududlardagi 1,9 ming gektar maydonda intensiv bogʻ va 2,5 ming gektar tokzorlar barpo etiladi. Bogʻdorchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Agrar universitetining “in vitro” laboratoriyalaridan samarali foydalangan holda, Toshkent, Parkent va Qibray tumanlarida yiliga 900 ming dona meva va tok koʻchatlarini yetishtirish (pitomniklar) tashkil etiladi.

– Barcha hokimlar eshitsin, odamlarga oziq-ovqat bermasak, bozor qimmat boʻlsa, hammamizga bahoni xalq beradi, – dedi Zoyir Mirzayev. – Bu yil qiladigan ishlarimizning koʻlami katta boʻladi. Faqat yondashuv zamonaviy boʻlsin. Kerak boʻlsa Zangiota, Yangiyoʻl, Boʻstonliq va Qibray tumanlari xorijdan malakali mutaxassislar topib, hokimga qishloq xoʻjaligi boʻyicha maslahatchi qilishi va ular tajribasidan samarali foydalanishi mumkin.

Muloqotda soha mutaxassislariga tarmoq xoʻjaliklarida qilinishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan zarur vazifalar belgilab berildi.