Joriy yil viloyatdagi har bir shahar va tumanda ilk bor bittadan maktaba tajriba sinov tariqasida aqlli maktab loyihasi amalga oshiriladi. Unga ko'ra, mazkur maktablarni raqamlashtirish va ota-onalar dars jarayonlarini istalgan vaqtda IP adres orqali onlayn kuzatishi imkoniyati yaratilmoqda. Bu haqida viloyat hokimligi axborot xizmati yozdi.
Shuningdek, 2022-yilda ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan bir qator masalalar belgilab olindi. Viloyatdagi 37 ta umumta'lim maktablarida Investitsiya dasturlari doirasida qurilish-ta'mirlash ishlari olib boriladi. Mazkur ishlar uchun jami 186,7 milliard so'm mablag' ajratilmoqda. Ya'ni, qo'shimcha 6 ming 796 nafar o'quvchi o'rni yaratiladi.
“Obod mahalla" va "Obod qishloq” dasturi doirasida 53, 4 milliard so'm mablag' yo'naltirilib, 17 ta maktab mukammal ta'mirlanadi. 2022—2025-yillarda sport zali mavjud bo'lmagan 187 ta maktablarga sport zali qurish bo'yicha manzilli dastur tasdiqlanib, maktablarni to'liq sport zallari bilan ta'minlash yo'lga qo'yiladi.