Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili viloyatdagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga borganini maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkum A.T. (Mubashshir Ahmad)ning sogʻligʻi va saqlanish sharoiti oʻrganildi.

Monitoring davomida mahkumlar bilan, shu jumladan, mahkum A.T. bilan ham holi tarzda suhbat oʻtkazildi va uning sogʻligʻiga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.

A.T. muassasada tibbiy yordam koʻrsatilishidan shikoyati yoʻqligini, muntazam ravishda toʻliq tibbiy tekshiruvdan oʻtkazib kelinayotganini, faqatgina avvaldan mavjud boʻlgan kasalliklari tufayli sogʻligʻida biroz oʻzgarishlar borligini va tegishli tibbiy yordam olayotganini qayd etdi.

Shuningdek, muassasada oʻz xohishiga koʻra mehnatga jalb etilganligi (oshxona ishlari bilan shugʻullanadi) hamda qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari ortiqcha mehnatga jalb etilmaganligini, ish sharoiti mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini aytib oʻtdi.

Oziq-ovqat taʼminoti va yashash sharoiti boʻyicha ham shikoyat bildirmadi. Uning soʻzlariga koʻra, sogʻligʻidan kelib chiqib, belgilangan norma boʻyicha oziq-ovqat beriladi.

Mahkum A.T. bilan oʻtkazilgan holi tarzdagi suhbatda u hech qanday masalada murojaat qilmadi.