Qayd etilishicha, Ugam-Chotqol qoʻriqxonasi yaqinidagi chegara mintaqasida 2 nafar nomaʼlum shaxslarning harakatlanayotgani kuzatilgan.
Chegara naryadi, oʻz vakolati doirasida ularga toʻxtashni buyurgan, lekin tartibbuzarlar qochishga uringan.
Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq, ularni toʻxtatish uchun osmonga qarata bir necha bor ogohlantiruvchi oʻq uzilgan.
Ammo nomaʼlum shaxslar chegara naryadining qonuniy talablariga boʻysunmay, Davlat chegarasi tomon harakatni davom ettirishgan. Shundan keyin, soʻnggi chora sifatida ularga nisbatan qurol qoʻllanilgan.
Natijada ular yaralanib, harbiy xizmatchilar tomonidan birinchi tibbiy yordam koʻrsatilishiga qaramay, voqea joyida vafot etgan. Hodisa joyi koʻzdan kechirilganida, 1 dona chodir, 3 ta ot, oziq-ovqat mahsulotlari hamda yashirinishga ulgurgan uchinchi shaxsning izlari ham topilgan.
Holat yuzasidan shu kunning oʻzida Qirgʻiziston va Qozogʻiston chegara idoralari xabardor qilingan.
31-avgust kuni vafot etganlar Qirgʻiziston fuqarolari ekanligi aniqlanib, ularning jasadi qarindoshlariga topshirildi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegara idoralari rahbarlarining oʻzaro kelishuviga asosan, 2-3-sentyabr kunlari hodisa joyi hamkorlikda koʻzdan kechirildi.
Oʻrganishlar natijasida chegara naryadining xatti-harakatlari Oʻzbekiston qonunchiligiga asosan amalga oshirilganligi, yuqorida koʻrsatilgan Qirgʻiziston fuqarolari tomonidan Davlat chegarasi buzilganligi, shuningdek, uchinchi shaxsning Qirgʻiziston tomonga qaytib, yashirinishga ulgurgani komissiya tomonidan oʻz tasdigʻini topdi. Uning shaxsini aniqlash va tegishli chora koʻrish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida, har ikki tomon chegaraoldi hududlarda istiqomat qiluvchi aholi bilan tushuntirish ishlarini olib borish hamda murakkab togʻli xududlarni qoʻriqlashda oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.








