Raqobat qoʻmitasi viloyat hududiy boshqarmasi oʻrganishlari davomida beshta xizmat koʻrsatuvchi korxona — “Rahnamo servis”, “Zero-waste”, “Zangiota obodon”, “Angren bunyod fayz” va “Ohangaron sanitariya tozalash” tomonidan 250 mingga yaqin isteʼmolchidan jami 8,8 milliard soʻmdan ortiq asossiz toʻlov undirilgani maʼlum boʻldi.
Maʼlumotlarga koʻra, ayrim xonadonlardan chiqindilar umuman olib ketilmagan boʻlsa-da, ularga toʻlovlar hisoblangan. Shuningdek, xizmat koʻrsatish belgilangan darajada amalga oshirilmagan holatlar sohadagi tizimli muammolar mavjudligini koʻrsatgan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan ushbu korxonalarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida 8,8 mlrd soʻmlik mablagʻ qayta hisob-kitob qilinishi boʻyicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, kelgusida bu kabi holatlarga yoʻl qoʻymaslik uchun korxonalarga qonunbuzilishlarni bartaraf etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan respublikaning barcha hududlarida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan tizimli oʻrganishlar davom ettirilmoqda.








