Toshkent viloyati Bekobod tumanida xizmat olib borayotgan YPX katta inspektorlari – serjant E.Saitqulov va kichik serjant F.Boltaboyevlar soat 19:30 lar atrofida “Mallaboy” mahalla fuqarolar yigʻini hududida xizmat olib borish jarayonida, umumiy ovqatlanish shoxobchasi oldida harakatlari shubhali koʻringan piyodani toʻxtatadi. Shu mahallada istiqomat qiluvchi piyoda, 1983-yilda tugʻilgan A.D. xolislar ishtirokida tekshirib koʻrilganida uning yonidan pulga oʻralgan oʻtkir hidli, quritilgan yashil rangli oʻsimlik topiladi. Ashyoviy dalillar va fuqaro IIBga topshiriladi. Ekspertlar xulosasiga koʻra bu oʻsimlik 3,4 gramm miqdoridagi “marixuanna” giyohvandlik vositasi boʻlib chiqadi.

Toshkent viloyati IIBB 3-mintaqaviy hududida xizmat olib borayotgan Boʻka tuman IIB YHXB YPX inspektori, safdor B.Umaraliyev soat 21 larda 4R20 – “Qorasuv-Boʻka-Bekobod” avtomobil yoʻlining 38-kilometrida tekshirish uchun “Neksiya” rusumli transport vositasini toʻxtatadi. Tekshirish jarayonida inspektorda haydovchining harakatlari shubha uygʻotadi va inspektor uni spirtli ichimlik isteʼmol qilgan, deb taxmin qiladi. Haydovchi tibbiy koʻrikka olib boriladi va oʻsha yerga tezkor xizmat vakillari ham chaqiriladi. Xolislar ishtirokida oʻtkazilgan tekshiruv chogʻida haydovchining choʻntagidan 5000 soʻmlik kupyuraga oʻralgan yashil oʻsimlik topiladi. Ekspertiza xulosasiga koʻra bu nasha oʻsimligi ekani maʼlum boʻladi.

Piskent tumani hududida oʻtkazilayotgan keng qamrovli profilaktik tadbir davomida tuman IIB YHXB boshligʻi, katta leytenant K.Yoqubov, uning xodimlari D.Oʻrmonov, B.Ummonqulovlar tezkor xizmat vakillari bilan hamkorlikda “Doʻstlik” MFYda yashovchi, 1969-yilda tugʻilgan A.J.ning xonadonini xolislar ishtirokida koʻzdan kechirishganida oshxonasi va molxonasidan besh tup oʻtkir hidli oʻsimlik poyasi hamda hovlidagi anor daraxti shoxlariga ilib qoʻyilgan qora salafan ichidan yashil rangli, quritilgan oʻsimliklar va nasha chekish uchun moslashtirilgan yelim idish topiladi. Ushbu ashyoviy dalillar ekspertizaga topshiriladi va xulosaga koʻra ular 483 gramm, tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan “kannabis” oʻsimligi, 61,65 gramm “marixuanna” giyohvandlik moddalari ekani aniqlanadi.

Hozirda aniqlangan har uchala holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati