Ulkan koʻrinishga ega boʻlgan kitobni koʻrish va ularning oʻquvchilar ongiga taʼsirini bilish maqsadida mazkur maktabga tashrif buyurdik.
– Maktab deganda har qanday insonning koʻz oldiga eng avvalo kitob keladi,– deydi maktab direktori Manzura Barotova. – Ushbu dargohdagi har bir oʻquvchi, oʻqituvchi sinf xonasiga kirib borar ekan, ilm mayogʻining nurini his etsa, kitobning ramziy koʻrinishini yaratsak, degan niyatni koʻnglimga tugib yurgandim. Maqsadimni eshitgan homiylar bajonidil koʻmak berishga rozi boʻlishdi.
Ushbu ramziy kitob bizning sahnamizga aylandi, desam toʻgʻriroq boʻladi. Barcha tadbirlarimizni mana shu monument atrofida oʻtkazyapmiz. 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan kuni kecha maktabimizda koʻp yillar ishlab, nafaqaga chiqqan oʻqituvchilarni taklif etib, tadbir uyushtirdik. Oʻquvchilarimiz Jaloliddin Manguberdi hayotiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlaridan parchalar qoʻyib berishdi. Ushbu tashabbus jamoamizni yana-da hamjihatlikka undadi.
Natija ishga berilgan baho, deb bejiz aytishmagan donishmandlarimiz. Hozir bahona izlab, vaj-karson koʻrsatadigan davr emas. Har bir daqiqani gʻanimat bilgan insonga gʻoyalarini amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Mazkur maktabda mehnat qilayotgan oʻqituvchilarga, ayniqsa, rahbarlar har sohada ibrat boʻlishmoqda. Oʻqituvchilarning taʼkidlashicha, oʻtgan yilgi karantin paytida ham ular har kuni maktabga kelib, hovliga gullar ekishgan, tozalab, supurib-sidirishgan. Bugun ana oʻsha mehnatlarning samarasi yaqqol koʻrinib turibdi. Maktab hovlisiga kirgan insonning atrofdagi anvoyi gullar tarovatidan dili yayraydi.
– Maktabimiz hovlisida kitobdan tashqari kiyikning ham eksponati bor, – deydi 10-sinf oʻquvchisi Dilshod Fayzullayev. – Kiyik tabiatning eng nozik jonzoti. Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim tengdoshlarimiz tomonidan jonzotlarni qiynab, azob berib, ularni nogiron qilib qoʻygan holatlar aks etgan videoroliklar tez-tez tarqaladigan boʻlib qoldi. Jonzotlarga nisbatan shafqatsizlik insoniyatning eng tuban holatga tushishidan dalolat. Bunday eksponatlar orqali biz kabi yoshlar qalbida tabiatga mehr-muhabbat, jonzotlarga eʼtibor koʻrsatish tuygʻulari shakllanadi.
Yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi, yaxshi inson boʻlib yetishishi yoʻlida tinmay mehnat qilayotgan, izlanish olib borayotgan ustoz-murabbiylar soni koʻpayaversin.