Joriy yil 31-oktyabr soat 22:00 da, 36 yoshli fuqaro oʻzining 36 va 51 yoshli jinoiy sheriklari bilan birgalikda qora rangli mato bilan yuzlarini yashirib, egniga “Milliy gvardiya” harbiy kiyimini kiyib, rezina tayoqcha va qoʻl kishani hamda pnevmatik oʻq otar qurol bilan qurollangan holda, “Matiz” rusumli avtomashinada Toshkent tumani, Tutzor mahallasi, Nurmakor koʻchasiga kelib bosqinchilik jinoyatini sodir etgan.
Aniqlanishicha, ular mazkur koʻcha boʻylab “Lacetti” rusumli avtomashinada uyiga kelayotgan, 47 yoshli shaxsni yoʻlini toʻsib, unga nisbatan zoʻrlik ishlatib, qoʻllarini kishanlab, oʻzining “Lacetti” rusumli avtomashinasining orqa oʻrindigʻiga oʻtkazib, olib ketmoqchi boʻlgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan qoʻlga olingan.
Ulardan qoʻl kishani, rezina tayoq, pnevmatik oʻq otar qurol, “Milliy gvardiya” xizmat kiyimi va niqoblar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Hodisa joyini koʻzdan kechirish jarayonida, “Matiz” rusumli avtomashina salonidan, bosqinchilar tomonidan qonunga xilof ravishda qoʻlga kiritilgan, “01R376SV” va “10E488LA” davlat raqam belgilari mavjudligi aniqlanib, ushbu davlat raqamlari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan ushbu fuqarolarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 227-modasi 1-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) va 164-moddasi 2-qismi “a,b” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Dastlabki tergov jarayonida, yuqoridagi fuqarolar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan hamda ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.