Toshkent viloyatida paxta yigʻim-terimi boshlandi

    Ayni kunlarda viloyatning Boʻka, Bekobod, Piskent tumanlarida paxta terimiga start berilgan. 1069 nafar fermer xoʻjaliklari va paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzildi.

    Viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, joriy yilda 70 mingdan ziyod gektar maydonlardan 270 ming tonna paxta xom-ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.

    Paxta yigʻim-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida 930 ta terim otryadlari shakllantirilib, ularga 1 ming 150 nafar terimchilar jalb etilgan. Har bir otryadga oʻrtacha 100-120 nafardan terimchi biriktirildi. Jumladan, terim mavsumida qatnashadigan transport traktorlari, tirkamalarning taʼmirlash maskaniga yigʻilishi, mavsumga soz holatda qatnashishi, paxta qabul qilish maskanlaridagi laboratoriyalar shay holatga keltirilgan.

    Mavsumni 10-sentyabrdan — 10-oktyabrgacha tugatish reja qilinmoqda. Shuningdek, terimchilarga yaratilgan sharoitlar, ularga ish haqlarining oʻz vaqtida berilishi doimo nazorat qilib boriladi.