Toshkent viloyatida qariyb 5 kg “opiy” moddasi musodara qilindi

    Toshkent viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida qariyb 5 kilogramm “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

    Maʼlumotlarga koʻra, Zangiota tumani hududidagi Toshkent katta halqa yoʻli yaqinidagi xufiya joydan jami 10 dona oʻramdagi 4 kilogramm 956 gramm “opiy” moddasi topilgan.

    Hozirda ushbu holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, moddaga aloqador shaxslarni aniqlash ishlari davom etmoqda.

    Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qilishicha, bunday turdagi giyohvandlik vositalari asosan xorijdan kontrabanda yoʻli bilan olib kiriladi.