Toshkent viloyatida quyosh foto-elektr stansiyasi quriladi

    Toshkent viloyati Boʻka tumanida Xitoyning “China DaTang Overseas Investment” kompaniyasi tomonidan qiymati 150 mln. dollarlik quyosh foto-elektr stansiyasi quriladi.

    Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

    Tuman hokimi B.Begmatov hamda Xitoy Xalq Respublikasining “China DaTang Corporation” kompaniyasi boshqaruv raisi Jou LEI, boshqaruv raisi oʻrinbosari Li JIANWEI, kompaniya bosh ofisi direktori Vang SHUNQI va kompaniyaning boshqa masʼul vakillari bilan birgalikda “Boʻka” mahallasida amalga oshirilishi belgilangan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

    Loyiha taqdimoti bilan tanishildi. Uni amalga oshirish jarayonlari, kutilayotgan natija va kelgusidagi rejalar toʻgʻrisida fikr almashildi. Shuningdek, 263 megavatt quvvatga ega quyosh foto-elektr stansiyasini qurish loyihasiga start berildi.

    Maʼlumot uchun, prezident qaroriga asosan Xitoylik investorlar Boʻka tumanidagi “Boʻka” mahallasi hududidan ajratilgan 621 gektar yer maydonida loyiha qiymati 150 mln. dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hisobidan quyosh foto-elektr stansiyasi hamda havo uzatish tarmogʻini quradi. 263 megavatt quvvatga ega mazkur stansiya Xitoyning “China DaTang Overseas Investment” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.